Samarqandda Butunjahon jamiyatining oltinchi xalqaro kongressi o‘tkazilmoqda

Bugun Samarqand shahrida Butunjahon jamiyatining “O‘zbekiston madaniy merosi - yangi Renessans poydevori” oltinchi xalqaro kongressi boshlandi.

Dunyoga mashhur 250 nafardan ortiq sharqshunos olimlar, jumladan, 33 nafar mashhur xalqaro, 15 nafar milliy muzeylar direktorlari, 6 nafar xalqaro tashkilot vakillari, 15 nafardan ortiq akademik, 20 nafardan ortiq professor hamda 20 nafar fan doktorlari ishtirok etayotgan tadbirning birinchi kunida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” (51-60 jild) turkumidagi 10 ta yangi kitob-albomlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

- Ushbu kitoblarda o‘zbek xalqining boy tarixi, madaniyati, urf-odati, maskanlari va dunyoga mashhur buyuk allomalari o‘rin olgan, - deydi Turkiya elchixonasi madaniyat va turizm maslahatchisi Alparslan Akinji. – Bizning Istanbul kutubxonalarida ham Alisher Navoiy qo‘lyozmalarining nusxalari bor. Bu kitoblarda o‘zbek va turk qardoshlarining ko‘p asrlik madaniyati aks etgan.

Tadbir doirasida Fransiya Milliy kutubxonasida saqlanadigan qadimiy qo‘lyozmaning noyob nashri taqdimoti ham o‘tkazildi. Yevropaning yetakchi nashriyot uylaridan biri Mueller&Schindler buyuk munajjim Mirzo Ulug‘bek buyurtmasi bilan yaratilgan noyob qo‘lyozma faksimilini namoyish etdi. Shuningdek, kongress doirasida O‘zbekiston san’atiga oid yana ikkita noyob kitob “Orol va Amu qirg‘oqlarida. Qoraqalpoq san’ati” hamda “Bezak: estetika, sehr, ma’no” kitoblari ham taqdim etildi.

Kongress 24 iyulga qadar davom etadi va ikki kun davomida dunyoning 35 dan ortiq davlatidan kelgan taniqli sharqshunos olimlarning O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari madaniy merosiga bag‘ishlangan 100 dan ortiq ma’ruzalari tinglanadi.