Samarqandda Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi o‘tkaziladi
“Samarqand viloyatining turizm va transport salohiyatidan samarali foydalanish, viloyatni “Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” konsepsiyasi asosida rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, “Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” targ‘ibot kampaniyasi yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yil 1 yanvargacha tadbirkorlar:
- 4 yulduzli va undan yuqori toifagali mehmonxona uchun zarur tovarlarni olib kirganda bojxona bojini to‘lashdan;
- Samarqand turistik markazida qurilish uchun “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimiga olib kiriladigan uskunalar uchun davriy bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod etiladi.
2023 yilning 1-choragida Samarqand shahrida “Aviation & Logistics Forum” II xalqaro aviatsiya forumi o‘tkaziladi.
Samarqand turistik markazi hududida chet ellik shaxslar uchun boj olinmaydigan savdo do‘konlari tashkil etiladi.
2023 yil 1 sentyabrgacha shaharlararo va xalqaro avtobus qatnovlari axborot texnologiyalari orqali yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur tizimda:
- chiptalarni “Uzbus” platformasida xarid qilish tartibi;
- avtobuslarga GPS qurilmalarini o‘rnatish hamda monitoring qilish bo‘yicha yagona platforma yaratiladi.
2023 yil 1 fevralgacha Aeroportda turizm axborot markazi tashkil qilinadi.
Ma’lumot uchun: BMTning Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyaning navbatdagi 25-sessiyasini Samarqand shahrida o‘tkazish belgilangan.