Samarqandda COVID-19 dan davolanganlar orasida xitoyliklar bor

Koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni markazlashgan holda davolash, ularga tezkor va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida Samarqand shahrida 1080 o‘rinli davolash va taqsimlash markazi tashkil etilgan edi. 10 avgustdan faoliyat boshlagan mazkur muassasada ayni paytda viloyatimizning barcha hududlaridan COVID-19 ni yuqtirgan bemorlar kelib davolanmoqda. Ularga 400 nafardan ortiq tibbiyot xodimi xizmat ko‘rsatmoqda.

Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ahmadjon Bobojonov ham markaz ish boshlaganidan buyon shu yerda ishlamoqda, mazkur muassasa mas’ullaridan biri. A.Bobojonov bilan telefon orqali bog‘lanib, bugungi vaziyat haqida so‘radik.

– Markaz ish boshlaganiga qirq kundan oshdi va o‘tgan davr mobaynida bu yerda minglab bemorlar dardiga davo topdi, – dedi A.Bobojonov. – Shifokor va hamshiralar, umuman, bu dargohda mehnat qilayotgan barcha tibbiyot xodimlarimiz tunu kun o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifani chin dildan bajarmoqda. Markazda ish yoki dam olish kuni, kun yoki tun degan tushuncha yo‘q. 24 soat bir xil suratda ish ketmoqda. To‘g‘ri, ish vaqti belgilangan, ma’lum bir tartib va qoidalar amal qiladi. Lekin bir xodim ishni tugatib ketsa, uning o‘rnida boshqasi ishni davom ettiradi. Jarayon to‘liq videokuzatuv ostida, qaysi bemor qanday holatda ekanligi doimiy kuzatib boriladi.

– Eshitishimizcha, o‘zingiz 48 kundan buyon shu yerda ekansiz. Uyga borishga cho‘chiyapsizmi yoki bu yerdagi vaziyat shuni taqozo etyaptimi?

– Avval markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yib olguncha, endi esa shu ishga mas’ul sifatida tunu kun shu yerda bo‘lishimga to‘g‘ri kelmoqda. Uyga borganimda ham baribir xayolim shu yerda bo‘ladi va xotirjam o‘tirolmayman. Oilam bilan telefon orqali har kuni gaplashib turibmiz. Xudoga shukr, hammamiz sog‘-salomatmiz. Muhimi shu hozir.

– O‘zingiz kasal yuqtirishdan qo‘rqmayapsizmi?

– Bu yerda ish boshlashimdan avval kasallikni boshimdan o‘tkazgandim. Lekin bu endi koronavirusdan xoliman, degani emas. Belgilangan sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘la amal qilaman, barcha tibbiy talablarni bajaraman. Boshqa xodimlardan ham shuni talab qilamiz. Pandemiya barchamizdan – u tibbiyot xodimimi yoki boshqa soha kishisimi, qari yoki yoshmi shaxsiy gigiyena, tozalik va orastalikka, belgilangan karantin qoidalariga qat’iy amal qilishni taqozo etmoqda.

– Markazda bemorlar uchun yaratilgan sharoit, dori-darmon ta’minotida muammolar yuzaga kelmayaptimi?

– Qariyb 30 yillik tibbiyot xodimi sifatida aytishim mumkinki, shu paytgacha bunday ta’minotni ko‘rmaganman. COVID-19 ni aniqlash va davolash uchun qanday tibbiy jihoz kerak bo‘lsa (kompyuter tamografiyasini aytmaganda), barchasi shu yerga keltirilgan. Tahlillar ham markazda olinadi. Boshqa kasalliklar belgilari ham aniqlanib, aniq tashxis asosida bemorlar davolanadi. 252 ta reanimatsion joy mavjud, 24 soat kislorod uzluksizligi ta’minlanadi. Koronavirusni davolash uchun barcha kerakli dori vositalari ham yetarli. Oziq-ovqat ta’minoti autsorsing asosida yo‘lga qo‘yilgan. Bemorlarga to‘rt mahal ovqat beriladi. Markazda ishlash uchun mutaxassislar ham tegishli komissiya tomonidan tanlov asosida qabul qilinmoqda. Aytishim mumkinki, bu yerda o‘z kasbining ustalari, shu bilan birga fidoyilari mehnat qilyapti. Bundan tashqari, shu paytgacha Rossiya, Germaniya va boshqa davlatlardan ham malakali tibbiyot xodimlari kelib, faoliyatimiz bilan tanishdi, ular bilan o‘zaro tajriba almashdik. Germaniyalik bir nafar mutaxassis 20 kun shu yerda biz bilan birga ishladi.

– Ayni paytda viloyatimizning qaysi hududlaridan bemorlar ko‘p kelyapti?

– Dastlabki paytlarda Samarqand shahrida kasallik ko‘p qayd etilayotgan edi. Endi esa Past Darg‘om, Oqdaryo, Toyloq, Samarqand tumanlaridan kelayotganlar ko‘paydi. Lekin qo‘shni viloyatlardan ham bemorlar bor. Qashqadaryoning Chiroqchi va Shahrisabz tumanlari, Navoiy va Jizzax viloyatlarining Samarqandga yaqin hududlaridan ham koronavirusga chalinganlar kelib, davolanib ketmoqda. Ikki nafar xitoylik mehmon ham markazimizda davolanib, salomatligini tikladi.

– Bemorlar necha kunda sog‘aymoqda?

– 7 kunda salomatligini tiklayotganlar ham, 20 kun davolanayotganlar ham bor. Bemorlarning markazda bo‘lishi o‘rtacha 10-12 kunni tashkil etyapti.

– Yurtimizda koronavirus qayd etilganiga 6 oydan oshdi. Dastlabki paytda uchragan kasallik belgilari va davo muolajalari bilan bugungisi o‘rasida qanday farq bor?

– Bugun aniqlanayotgan virus tez rivojlanayotgani va ko‘p asoratlar qoldirayotgani bilan mart yoki iyun oyida qayd etilgan kasallikdan farqlanyapti. Shunga qarab davo muolajalari ham Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘rsatma va tavsiyalari asosida qo‘llanilmoqda. Ko‘p ta’kidlanayotganidek, koronavirus surunkali kasalliklari bor insonlarda, keksalarda og‘ir kechyapti. Shuning uchun yurtdoshlarimiz birinchi navbatda o‘z salomatliklariga befarq bo‘lmasliklarini, bugun aytilayotgan qoidalar, tibbiy tavsiyalarga qat’iy rioya etishlarini so‘raymiz. Har bir inson kasal bo‘lmasdan oldin salomatligi qadriga yetishi, o‘zini asrashi kerak. Faol jismoniy harakat, sog‘lom turmush trazi, to‘g‘ri ovqatlanish har qanday kasallik, jumladan, koronavirusga chalinmaslikning ham asosiy shartidir.

– Ahmadjon Sultonboyevich, vaqt ajratib savollarimizga javob berganingiz uchun rahmat!

G‘olib HASANOV suhbatlashdi.