Samarqandda fan olimpiadasining respublika bosqichi boshlandi
Ayni paytda Samarqandda respublika fan olimpiadasining xorijiy tillar bo‘yicha yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Uning ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi.
Hokim fan olimpiadasining quyi bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan va respublika bosqichida qatnashayotgan o‘quvchilarni tabrikladi, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.
Ikki kun davom etadigan olimpiada jarayonlari Samarqand shahri Mirzo Ulug‘bek nomidagi fizika-matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatida tashkil etildi. U yerda viloyatlardan kelgan o‘quvchilar uchun barcha sharoitlar yaratildi.
O‘tkazilayotgan fan olimpiadasining (IV) respublika bosqichida uning (III) viloyat bosqichlarida g‘oliblikni egallagan jami 135 nafar 11-sinf o‘quvchilari va akademik litsey talabalari xorijiy tillar (ingliz, nemis, fransuz) hamda tojik tili va adabiyoti fanlaridan ishtirok etmoqda.
Olimpiadalarning respublika bosqichida 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilinadi. Shuningdek, olimpiadaning respublika bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilarga 1-o‘rin uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari, 2-o‘rin uchun – 35 baravari, 3-o‘rin uchun – 30 baravarida bir martalik pul mukofotlari beriladi. Bundan tashqari, o‘qituvchi maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi, bir martalik pul mukofoti ham ajratiladi.
Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.