Samarqandda IIB xodimining “bodi kamera”sini yulib olgan fuqaroga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi

Samarqand viloyati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi inspektori, safdor F.Abdusamatov 2020 yil 11 fevral kuni Samarqand shahar Mirzo Ulug‘bek, Spitamenshoh va Beruniy ko‘chalari chorrahasida xizmat olib borayotgan vaqtida Past Darg‘om tumani Galabotir mahallasida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan fuqaro A.J. boshqaruvida bo‘lgan “Damas” rusumli avtomashinasini yo‘l harakati qoidasining 91-bandi talablarini qo‘pol ravishda buzib, “to‘xtash taqiqlangan” yo‘l belgisi oldida sababsiz to‘xtab turganligi uchun haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzgan.

Bu vaqtda haydovchi YPX inspektoridan ma’muriy bayonnoma tuzmasligini talab qilib, uning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilgan. Bu ham yetmagandek, xodimning egnidagi xizmat kiyimiga o‘rnatilgan “bodi kamera”ni yulib olgan.

Haydovchi Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB 5-son IIBga olib kelinib, unga nisbatan yo‘l harakat qoidalarining 91 va 7-bandlari (to‘xtab turish va avtomashinani tegishli hujjatlarsiz boshqarish) talablarini qo‘pol ravishda buzganligi uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Haydovchiga nisbatan ichki ishlar organlari xodimining faoliyatiga faol qarshilik ko‘rsatganligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 194-moddasi 1-qismi va 195-moddasi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, Samarqand shahar Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudiga yuborildi.

Samarqand shahar ma’muriy ishlar bo‘yicha sudining qaroriga asosan A.J. MJtKning 194-moddasi 1-qismi va 195-moddasida ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Fuqaro sud jarayonida o‘zining aybini tan olib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, kechirim so‘radi. Biroq g‘alvir suvdan ko‘tarilgan edi.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.