Samarqandda ikki kilogramm opiy “operatsiyasi” barbod qilindi. Oqibatda narkokurer o‘n yarim yil “o‘tirib chiqadi”gan bo‘ldi
Bundan bir necha kun oldin jinoyat ishlari bo‘yicha Toyloq tuman sudining ochiq sud majlisida Botir Tashanovga (ism, familiya shartli) nisbatan ochilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqildi.
Sud materialidan: Botir Tashanov 1980 yil 11 aprel kuni Urgut tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti o‘rta, muqaddam sudlangan, ishsiz, oilali.
Aslida bu voqea aprel oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan. O‘shanda Botirga tanishi Ibrohim Ko‘liyev qo‘ng‘iroq qilib, uyiga kelishini, maslahatli ishi borligini aytadi. Botir I.Ko‘liyevnikiga borganda u yaxshi xaridori borligini, 2 kilogramm qoradori topib berishini iltimos qilganligini aytadi. Ibrohim xaridor har bir kilogramm qoradorini 15 000 AQSh dollaridan olishini, taklifni uylab ko‘rishini ta’kidlab, agar topishni iloji bo‘lsa xabar qilishini bildiradi.
30 ming dollar... Buncha mablag‘ni eshitgan Botirning tinchi yo‘qoldi. U endi bir pasda boyib ketishi mumkin. Shu o‘y bilan Botir bir kundan keyin Ibrohimning oldiga borib, “proba”ga qoradori olib kelishi uchun 1,3 million so‘m pul oladi. Bu pulga og‘irligi taxminan 10 gramm bo‘lgan “opiy” topib, I.Ko‘liyevning uyida o‘zini Ismat, deb tanishtirgan shaxsga olib kelib beradi.
Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, Ismat 2 kilogramm “opiy” giyohvandlik vositasini sotib olish uchun buyurtma beradi. O‘z navbatida cho‘ntagidan 100 kupyurali bir pachka dollarni chiqarib ko‘rsatadi. Tabiiyki, Botir darhol 10 grammni topib bergan Nodir Qodirovga 2 kilogramm “opiy” topib berishni aytadi.
Buyurtma qisqa muddatda tayyor bo‘ladi. Shu bois, N.Qodirov Botirga qo‘ng‘iroq qilib, aytilgan miqdordagi qoradorini olib kelganligini, Urgut tumani “Beshyog‘och” mahallasida ekanligini bildiradi.
Botir Nodir aytgan joyga borib, sellofanga solingan og‘irligi taxminan 1 kg. “opiy” giyohvandlik vositasini oladi. N.Qodirov qolgan 1 kiloni pulini olgach, berishi aytadi. Nodirning shartiga rozi bo‘lgan Botir qoradorining borini qo‘ltiqlagancha I.Ko‘liyevning yashash uyiga ketadi. Bu yerda uni oldindan kelishilganidek Ismat kutib turardi.
Voqea tafsilotlari va pulni berishini aytib turgan Botir huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarini ko‘rib, angrayib qoldi...
Sud hukmiga ko‘ra, Botir Tashanov Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan aybli deb topildi. Unga 10 yilu 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.
Daliliy ashyo sifatida e’tirof etilgan 995,4 gramm “opiy” giyohvandlik vositasi tegishli tartibda yo‘q qilindi.
M.Ergashev,
jinoyat ishlari buyicha
Toyloq tumani sudining raisi.