Samarqandda jiyaniga nisbatan uyatsiz harakatlar qilgan, kelinini pichoq bilan jarohatlagan shaxs qidirilmoqda
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2019 yil 18 iyundagi hukmiga asosan O‘zbekiston Respublikasi JKning 109-moddasi 2-qismi va 129-moddasi 1-qismi bilan sudlanuvchi A.R. (muqaddam ikki marta sudlangan)ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 109-moddasi 2-qismi bilan har oylik ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadiga undirilgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi va JKning 129-moddasi 1-qismi bilan har oylik ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadiga undirilgan holda 1 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlanib, JKning 59-moddasi tartibida, har oylik ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadiga undirilgan holda 1 yil 6 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
“Jahon.uz” axborot portali ixtiyorida mavjud hujjatlarga ko‘ra, A.R. 2019 yil 5 mart kuni soat 11:00 da, o‘zi bilan bilan birga istiqomat qilib kelayotgan, 14 yoshli voyaga yetmagan jiyani J.A.ning o‘n olti yoshga to‘lmaganligini bila turib, o‘zining yashash uyi, ya’ni Samarqand shahar, Xalqlar do‘stligi ko‘chasida voyaga yetmagan J.A.ni quchoqlab, qo‘llari bilan tanasining turli joylariga teginib, uyatsiz va buzuq harakatlar sodir etgan.
Shuningdek, sudlanuvchi A.R. o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2019 yil 5 mart kuni soat 18:30 da, o‘zi yashab kelayotgan uyning oldida kelini X.G.ni, qo‘lida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan ko‘krak qafasi va chap qo‘l kaftiga kesilgan yengil, sog‘liqning buzilishiga sabab bo‘lgan tan jarohatini qasddan yetkazgan.
Samarqand shahar prokurori tomonidan keltirilgan apellyasiya protestida, birinchi bosqich sudi A.R.ga nisbatan bir qadar yengil jazo tayinlanganligi sababli, unga nisbatan tayinlangan jazoni qonunga muvofiqlashtirish so‘ralgan.
2019 yil 16 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi, sud hukmini o‘zgartirib, og‘irroq jazo tayinlashni lozim deb hisoblagan.
Birinchi bosqich sudi tomonidan sudlanuvchi A.R.ga nisbatan bir qadar yengil jazo tayinlagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2019 yil 18 iyundagi sudlangan A.R. ga nisbatan chiqarilgan sud hukmi o‘zgartirildi.
A.R.ga O‘zbekiston Respublikasi JKning 109-moddasi 2-qismi bilan 6 (olti) oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi va O‘zbekiston Respublikasi JKning 129-moddasi 2-qismi bilan 6 (olti) oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
O‘zbekiston Respublikasi JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 7 (yetti) oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.
Tayinlangan jazo esa maxsus tartibli koloniyalarda o‘tattirilishi, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruv e’lon qilindi.