Samarqandda koronavirus aniqlangan bemorning yaqinlari, birga ishlaganlardan 200 kishi karantinga olindi

Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, yurtimizda karantin e’lon qilinganidan buyon viloyatda 6645 kishi tibbiy kuzatuvga olingan. Bugungi kungacha ularning 3094 nafari qarantindan chiqarildi. Ayni paytda 2000 dan ortiq fuqaro uy sharoitida karantin muddatini o‘tamoqda. Viloyatdagi karantinga olingan shaxslarni saqlash uchun to‘rtta tibbiyot muassasasida qo‘shimcha 1000 ga yaqin o‘rin yaratildi va kerakli miqdorda dori-darmon, tibbiy vositalar bilan ta’minlandi.

– 6 aprel kuni viloyatimizda bir kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi va u ayni paytda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda, – deydi Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D.Jumaniyozov. – Hozirda bemorning holati yaxshi. Kasallik aniqlanganidan keyin ushbu fuqaro bilan birga yashovchi va ishlovchilar, uning qo‘ni-qo‘shnilari hamda u bilan muloqotda bo‘lgan 200 nafardan ortiq kishi ham karantinga olinib, ularning salomatligi nazorat qilib borilmoqda.

Karantin sharoitida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun 13,5 ming nafar tibbiyot xodimlari jalb etilgan. Ularning 200 nafari karantinga olingan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, viloyatda tashkil etilgan 139 ta dezinfersiya guruhlari tomonidan 41 mingga yaqin ob’yekt dezinfeksiya qilindi.