Samarqandda madaniy merosni asrashga doir konferensiya o‘tkaziladi
Unda YuNESKO Bosh direktori Odri Azule ishtiroki kutilmoqda.
Shu kunlarda Baku shahrida YuNESKO Butunjahon merosi qo‘mitasining 43-sessiyasi o‘tkazilmoqda.
Tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari YuNESKO Bosh direktori Odri Azule, Butunjahon merosi markazi direktori Mextild Ryossler, uning o‘rinbosari Joti Xosagraxar va Butunjahon merosi qo‘mitasiga a’zo mamlakatlar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda madaniy merosni muhofaza qilish, tarixiy ob’yektlarni saqlash va konservatsiyalash, shuningdek, turizm va ta’lim sohalari rivojlanishiga oid qabul qilinayotgan chora-tadbirlarning ahamiyati yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekistonda YuNESKO bilan hamkorlik istiqbollarini kuchaytirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berildi. Ushbu yo‘nalishlardagi aloqalarni mustahkamlashda o‘zaro hamkorlikning yangi imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2019 yilning avgust oyida moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrashga doir xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Ko‘p sonli xalqaro hamjamiyat vakillari, jumladan, YuNESKO ekspertlari, mahalliy mutaxassislar va ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etadigan tadbirdan ko‘zlangan maqsad butunjahon merosi ob’yektlarini muhofaza va konservatsiya qilishdagi yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish, shuningdek, nomoddiy madaniy merosni asrash sohasidagi faoliyatni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, YuNESKO Bosh direktori Odri Azule mazkur tadbirda shaxsan ishtirok etish niyatida ekanini bildirgan.