Samarqandda «Malibu» va «Lasetti» soliq qarzdorligi uchun sotildi
Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi ijro ish yurituvidagi Samarqand viloyat iqtisodiy sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor “OR GOLDEN OIL” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan undiruvchi Samarqand shahar Davlat soliq inspeksiyasi foydasiga 1 milliard 558 million 449 ming so‘m soliq qarzini undirish belgilangan.
Qarzdor “OR GOLDEN OIL” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli bo‘lgan mol-mulklarni qidirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 87-moddasiga asosan tegishli mutasaddi tashkilotlarga so‘rov xatlari yuborildi.
Mutasaddi idoralarga yuborilgan so‘rov xatlari asosida olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qarzdorga tegishli bo‘lgan 2014 yilda ishlab chiqarilgan “Malibu” rusumli va 2011 yilda ishlab chiqarilgan “Lassetti” rusumli avtotransport vositalari mavjudligi aniqlandi.
Ijro harakatlari davomida davlat ijrochisining qarzdorga tegishli bo‘lgan avtotransport vositalarga nisbatan qidiruv e’lon qilish to‘g‘risidagi karoriga asosan avtotransport vositalariga qidiruv e’lon qilindi.
Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limi tomonidan qidiruv ishlari olib borish jarayonida “Malibu” va “Lassetti”rusumli avtotransport vositalari xatlanib, jarima maydonchasiga saqlash uchun topshirildi.
Xatlangan avtotransport vositalarini baholash maqsadida mutaxassis tayinlandi va “Elektron baholash” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 2014 yilda ishlab chiqarilgan “Malibu” rusumli avtotransport vositasi 114 mln. 632 ming so‘mga hamda 2011 yilda ishlab chiqarilgan “Lassetti” rusumli avtotransport vositasi 55 mln. 594 ming so‘mga baholandi.
Baholangan avtotransport vositalarini realizatsiya qilish maqsadida davlat ijrochisining tegishli qaroriga asosan “E-AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida sotish uchun chiqarildi.
Sotuvdan tushgan 170 mln. 226 ming so‘m mablag‘ qarzdor “OR GOLDEN OIL” mas’uliyati cheklangan jamiyatining soliq qarzdorligini qoplash uchun o‘tkazib berildi.
Majburiy ijro byurosi
Samarqand shahar bo‘limi.