Samarqandda MIB xodimiga tan jarohati yetkazgan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Majburiy ijro byurosining Bulung‘ur tuman bo‘limi davlat inspektorlari I.M. hamda F.X.lar tumandagi “Oqtosh” mahallasi “Sho‘rbedana” qishlog‘ida yashovchi fuqaro A.X.ning yashash xonadoniga energiya resurslari va suvdan foydalanish qonuniyligi holatini tekshirish maqsadida borishgan. Bu haqda Zarnews.uz saytiga Majburiy ijro byurosi Bulung‘ur tumani xabar bermoqda.

Xizmat vazifasini bajarayotgan davlat inspektorlari A.X.ga elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha zarur hujjatlarni taqdim etishni so‘ragan.

Shu payt A.X.ning o‘g‘li X.X.mast holatda kelib qolgan va davlat inspektorlarining qonuniy faoliyatlariga faol qarshilik ko‘rsatib, haqoratlarga ko‘mib tashlagan. Bu ham kamlik qilgandek, uyali telefonlarini hamda xizmat jetonlarini tortib olib, davlat inspektori F.X.ga tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan fuqaro X.X.ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.