Samarqandda og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarga ko‘mak berildi: ularning 120 nafari uy-joy bilan ta’minlanadi

Samarqand shahrida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan og‘ir turmush sharoitida yashayotgan, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga 80 ta nogironlik aravachasi, 80 ta eshitish moslamalari va 80 ta boshqa reabilitatsiya vositalari topshirildi.

Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova so‘zga chiqib, viloyatimizda oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlandiki,  joriy yilning birinchi choragida 229 nafar og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar ishga joylashtirilgan. 120 nafari 1 dekabrga qadar arzon uy-joy bilan ta’minlanadi. 804 nafar boquvchisini yo‘qotgan onalar hamda 1511 nafar to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan bolalarga moddiy va amaliy yordam ko‘rsatildi.

Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan viloyatdagi 533 nafar og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

- Bayram munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda onamga nogironlik aravasi berildi, - deydi Kattaqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi Ziyoda Izzatullayeva. – Bu masalada xotin-qizlar qo‘mitasiga murojaat qilgandik, so‘rovimiz e’tibordan chetda qolmaganidan xursandmiz.