Samarqandda "paqildoq" sotuvchilar ushlandi
Samarqand shahar, Kattaqo‘rg‘on, Narpay va Urgut tumanlari ichki ishlar organlarining jinoyat-qidiruv bo‘linmalari xodimlari pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosiga chek qo‘yishdi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
3 dekabr kuni Narpay tumani IIB jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida Samarqand shahrida yashovchi fuqaro X.Sh. boshqaruvida bo‘lgan “Labo” rusumli avtomashina “Oqtosh shahri dehqon bozori” yonida turgan vaqtida tekshiruvdan o‘tkazilib, unda xorijda ishlab chiqarilgan “Noviy vek” nomli 14.400 dona pirotexnika vositasi borligi aniqlandi.
4 dekabr kuni soat 20:00 larda viloyat IIB patrul-post xizmati bataloni hamda Samarqand shahri bo‘yicha IIOFMB 8-sonli IIB jinoyat-qidiruv guruhi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro G.Sh. tadbir ishtirokchisi “J” ismli shaxsga 1.200 dona pirotexnika vositasini 300.000 so‘mga savdolashib, sotayotgan vaqtida ushlandi.
Xuddi shu kuni Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro M.L. “Payshanba dehqon bozori” yonidagi savdo do‘konida yashirin ravishda saqlab kelayotgan pirotexnika buyumlarining har bir pachkasini 13.000 so‘mdan sotgan vaqtida qo‘lga tushdi. Savdo do‘koni ko‘zdan kechirilganda, bu yerda 270 pachka pirotexnika mahsulotlari borligi ma’lum bo‘ldi.
7 dekabr kuni Urgut tumani bo‘yicha IIOFMB jinoyat-qidiruv bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tumandagi Kamangaron mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqaro S.K. 12.480 dona “Treniya” nomli pirotexnika vositasini 1.344.000 so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirildi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.