Samarqandda qiymati 69 milliondan so‘mdan ziyod tovarlar nega olib qo‘yildi?
Bugun tadbirkorlikning boshini tutib, daromad olaman, elu yurt koriga yarayman, degan g‘ayratli insonlar uchun qulay sharoitlar, imkoniyatlar yaratib berilayotir. Shunga qaramay, o‘rnatilgan tartib-qoidalarga rioya etmaydigan, noqonuniy faoliyatni hamma narsadan ustun qo‘yadiganlar ham bor. Lekin bu toifadagi “tadbirkor”larning ish tutumi davlat soliq xizmati organlari nazaridan chetda qolmaydi.
Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan tashkil etilayotgan nazorat tadbirlarida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgan “uddaburon”lar aniqlanmoqda. Avgust oyining o‘tgan davrida viloyat bo‘yicha 85 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, huquqbuzarlardan jami 69 million 746 ming 800 so‘mlik tovarlar olib qo‘yildi.
Samarqand shahrida fuqaro A. Muhammadiyev savdo faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. Bir qarashda savdo faoliyatini tanlagan bo‘lsa, buning nimasi yomon deyishingiz mumkin. Biroq A. Muhammadiyev soliq to‘lashdan qochib, ish yuritishning noqonuniy tarzini o‘ziga ep ko‘rdi. O‘tkazilgan nazorat tadbirida uning do‘konida mavjud bo‘lgan jami qiymati 2 million 10 ming so‘mlik bolalar kiyim-kechaklari vaqtincha saqlash uchun olib qo‘yildi.
Samarqandlik A. Aliyevning ham hujjatsiz savdo faoliyati bilan shug‘ullanayotgani nazorat tadbirlarida davlat soliq xizmati organlari xodimlarining e’tiboridan chetda qolmadi. Natijada unga tegishli jami qiymati 5 million 190 ming so‘mlik erkaklar kiyim-kechaklari daliliy ashyo sifatida vaqtincha saqlash uchun olib qo‘yilganini ta’kidlash lozim.
Umid Alimov,
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi Axborot xizmati xodimi.