Samarqandda qoidabuzarlar 81.395.000 so‘m miqdorida jarimaga tortildi

Jamoat transporti va yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish borasida viloyat transport boshqarmasi tomonidan samarali ishlar amalga oshirilayapti. Yo‘lovchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan muammolar boshqarma nozirlari tomonidan joyida o‘rganilib, bartaraf etilmoqda. Tashuvlarni amalga oshirishda muammoli holatlarning oldini olish, yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish maqsadida viloyat miqyosida belgilangan tartibda nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Agar raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, joriy yilning birgina iyun - iyul oylarida Samarqand viloyati transport boshqarmasi avtomobillarda tashuvlar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan nazorat qilish bo‘limi inspektorlari tomonidan 41 marotaba reyd tadbirlari amalga oshirildi. Tadbirlar davomida 106 ta qoidabuzarlik holatlari aniqlanib, tegishli tartibda bayonnomalar rasmiylashtirildi. Qayd etilgan qoidabuzarlik holatlaridan 91 tasi tegishli tartibda ko‘rib chiqishlik uchun sudlarga taqdim etilgan bo‘lsa, qolgan 15 tasi viloyat transport boshqarmasida ma’muriy tartibda rasmiylashtirildi. Ma’muriy sudlar tomonidan qoidabuzarlar 81 395 000 so‘m miqdorida jarimaga tortildi. E’tiborli jihati shundaki, sudlar tomonidan jarimaga tortilgach, noqonuniy yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi 58 nafar qoidabuzar o‘z faoliyatini qonuniy tarzda olib borish uchun hujjat rasmiylashtirib, tegishli tartibda litsenziyaga ega bo‘lishdi.

O‘tkazilayotgan reydlar davomida nafaqat noqonuniy odam tashish faoliyati, balki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 18 maydagi “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablari ijrosi ham ko‘zdan kechirilmoqda. Qarorda belgilangan talab va shartlarga rioya etmaganligi uchun joriy yilning iyun-iyul holatiga 360 ta dalolatnoma rasmiylashtirilgan bo‘lib, 57 ta avtokorxonaning litsenziyasi hamda 212 ta avtokorxonada 234 ta litsenziya varaqalarining amal qilish muddati 10 (o‘n) ish kuniga to‘xtatildi. Mazkur muddat oralig‘ida litsenziyachilar zimmasiga qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish majburiyati yuklatilmoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, yo‘nalishsiz taksilar bilan bog‘liq muammolar hali yetarlicha.

Samarqand viloyati transport

boshqarmasi Axborot xizmati.