Samarqandda qurilayotgan yangi aeroport bir soatda 600 nafar yo‘lovchini kutib olish va kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi

’’Uzbekistan Airoports’’ aksiyadorlik jamiyati tomonidan Samarqand xalqaro aeroportida press-tur tashkil etildi.

Tadbir vaqtinchalik terminal faoliyati bilan tanishishdan boshlandi.

Jurnalistlar va blogerlar yangi bunyod etilayotgan uchish-qo‘nish yo‘laklari bilan tanishtirildi.

Ta’kidlanishicha, yangi yo‘lak 7 qatlamli bo‘lib, xalqaro standartlar talablariga javob beradigan darajada barpo etilmoqda. Avval 5 ta samolyot turargohi bo‘lgan bo‘lsa, endi bu yerda 23 ta aviaturargoh tashkil etiladi. Shuningdek, 700 o‘rinli avtomobillar turargohi barpo qilinmoqda.

Ishtirokchilar ochiq kitob ko‘rinishida bunyod etilayotgan zamonaviy aeroportning qurilish jarayonlari bilan tanishtirildi.

Aeroport bir soatda 600 nafar yo‘lovchini kutib olish va shuncha yo‘lovchini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi.

Yangi aeroport qurilish ishlarining 70 foizi bajarilgan bo‘lib, 2021 yilning sentyabr oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.