Samarqandda shu yilning dastlabki choragida viloyat mahalliy byudjetiga 560,5 milliard so‘m mablag‘ tushirildi
Bu haqda bugun - 5 aprel kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining oltmish uchinchi sessiyasida aytildi.
Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqargan sessiyada deputatlar bilan birga kun tartibidagi masalalarga daxldor mutasaddi idora va tashkilotlar rahbarlari qatnashdi.
Kun tartibidagi birinchi masala – 2019 yil I choragida viloyat mahalliy byudjetining kutilayotgan ijrosi hamda 2019 yil II choragi byudjet parametrlari to‘g‘risidagi masala yuzasidan viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M.Ismoilov ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, yilning dastlabki choragida viloyat mahalliy byudjetining daromadlar qismi prognoz rejasi 109,4 foizga bajarilgan. Ya’ni, 512,3 milliard so‘m o‘rniga 560,5 milliard so‘m mablag‘ tushirildi. Lekin byudjet daromadlar rejasi Nurobod tumanida 77, Toyloq tumanida 84 foizga bajarilgan. Shu davrda mahalliy byudjetning xarajatlar qismi 91 foizga (1 trillion 18,8 milliard so‘m) ijro etildi.
Mahalliy byudjet ijrosi jarayonida ajratilgan mablag‘lardan foydalanilishi ustidan olib borilgan nazorat tadbirlarida 560,2 milliard so‘mlik maqsadsiz xarajatlar aniqlandi. Jumladan, 26 ta byudjet tashkilotlarida kuzatilgan 405,3 milliard so‘mlik ortiqcha xarajat va kamomadlar bo‘yicha taftish hujjatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.
Deputatlar xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining “Qonuniylik, huquq-tartibot, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi masalani muhokama etib, viloyat prokurori boshchiligidagi komissiya tarkibini tasdiqladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan yig‘ilish bayonida belgilangan vazifalarning ijrosi to‘g‘risidagi masala yuzasidan viloyat hokimi so‘z yuritib, shu paytgacha amalga oshirilgan ishlar bilan birga, galdagi vazifalarga ko‘proq e’tibor qaratdi. Jami 206 ta topshiriqning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi zarurligi va bu boradagi nazorat ishlarini olib borishda deputatlardan ham faollik talab etilishini ta’kidladi. Hozirgacha yig‘ilish bayonida belgilangan va ijro muddati kelgan 87 ta topshiriqning 69 tasi to‘liq bajarilgan. Bu borada mutasaddilar mas’uliyatini oshirish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy vakili (Ombudsman) Sh.Safarov mintaqaviy vakillik tomonidan 2018 yil davomida inson va fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, huquqiy madaniyatni oshirish bo‘yicha amalga oshirgan ishlari to‘g‘risida hisobot berdi.
Hisobotda keltirilishicha, o‘tgan yil vakillikka 36 ta yozma, 40 ta og‘zaki murojaat tushgan. Barcha murojaatlar belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilgan. Yil davomida vakillik tomonidan 22 marta shaxsiy qabul o‘tkazilib, 32 nafar fuqaroning dardlari eshitilgan va ularni hal etish choralari ko‘rilgan.
Shundan so‘ng Samarqand viloyatidagi 4 ta sektor rahbarlarining 2019 yilning I choragi davomida o‘zlari rahbarlik qilayotgan hududda amalga oshirgan ishlari to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Deputatlar sektorlar rahbarlarining faoliyati bilan tanishib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, joylarda to‘planib qolgan muammolarni bartaraf etish hamda aholi turmush darajasini oshirish yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
Bundan tashqari, sessiyada “Investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun auksion o‘tkazmasdan, investor bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali investitsiyaviy (kamida 1 million AQSh dollari ekvivalentida) va ijtimoiy majburiyatlar belgilangan holda yer uchastkalarini berish va bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’yektlarini sotish to‘g‘risida”gi, “Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid O‘roqovning aholi tomorqa yerlaridan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqidagi axboroti to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 oktyabrdagi “Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan samarali foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5199-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash, fermer xo‘jaliklarining yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirish haqida”gi, “Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining Huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hududiy komissiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 martdagi “Samarqand viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3607-sonli qarori ijrosi to‘g‘risida”gi masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.