Samarqandda suv tanqisligi sezilmoqda
Joriy yil sug‘orish mavsumida Zarafshon daryosining suv ta’minoti me’yordan 80-85 foiz yoki 240-250 metr kub/sekund bo‘lishi prognoz qilingan. Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘ttiz to‘rtinchi sessiyasida “Zarafshon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i F.Rajabov ma’lum qildi.
Shuningdek, sug‘orish mavsumida suv ta’minoti o‘rtacha 65-67 foizni yoki 185-190 metr kub/sekundni tashkil qilmoqda. Buning natijasida tumanlarga limitda belgilangan 676,1 million metr kub o‘rniga 602,5 million metr kub yoki 2020 yildagidan 104,5 million metr kub kam suv yetkazib berildi. Ushbu suv miqdori bilan 357 ming 893 gektar maydonda sug‘orish tadbirlari amalga oshirildi.
Bugungi kun suvdan samarali foydalanishni talab qilmoqda. Shunga ko‘ra 89 million metr kub suv resurslari iqtisod qilishga erishilgan. Jumladan:
- suv ob’yektlarida suvni to‘g‘ri boshqarish, sug‘orishni muvofiqlashtirish, navbatlab sug‘orish va agrotexnik tadbirlar hisobidan 29,4 million metr kub;
- irrigatsiya tarmoqlarida ta’mirlash-tiklash va rekonstruksiya tadbirlari hisobidan 23,2 million metr kub;
- 34 ming gektar suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish hisobidan 29,1 million metr kub;
- Suvni kam talab qiladigan ekinlar joylashtirish hisobidan 1,2 million metr kub;
- Yerlarni lazerli tekislagich orqali tekislash hisobidan 1.35 million metr kub;
- Zovur tarmoqlariga dizel nasoslari o‘rnatilib, zovurlardan qo‘shimcha suv olish hisobiga 4,75 million metr kub.