Samarqandda test sinovlariga 383 nafar nazoratchi tanlandi

2 sentyabr kuni boshlanadigan test sinovlari qachon, qayerda va qanday tartibda o‘tkazilishidan jamoatchilik xabardor bo‘ldi.
Test sinovlarini shaffof holda o‘tkazish uchun, yoshlarni ortiqcha sarson qilmaslik maqsadida Ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi, hokimliklar, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Davlat xavfsizligi xizmati tomonidan zarur choralar ko‘riladi.
Samarqand viloyatida test sinovlarini o‘tkazish maqsadida hozirda Samarqand tumani, Konigil mahallasi hududida joylashgan sportning eshkak eshish turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari respublika bolalar-o‘smirlar sport maktabining 4 ta maydoni, Camarqand shahar “Lokomotiv” futbol stadioni, Camarqand shahar 2-son bolalar va o‘smirlar sport maktabining Cartepa sport majmuasi stadioni hamda mazkur maktabga qarashli «Nurafshon» futbol stadionlarida bir smenada 6120 nafar abituriyentga test topshirish imkonini beruvchi joylar tayyorlangan.
Hozirda viloyatda test sinovlarida jami 204 ta guruh uchun oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, xalq ta’limi tizimidagi rahbar va pedagog xodimlar orasidan 383 nafar xodim guruh nazoratchilari sifatida tanlab olindi. Ularga joriy yilning 28-29 avgust kunlari test tizimidagi eng so‘nggi yangiliklar, test kunlaridagi vazifalari to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan.
Nazoratchilarga to‘lanadigan haq miqdori Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul bo‘yicha Davlat komissiyasining 1-son bayoniga ko‘ra, bir kunga 250848 so‘m (daromad solig‘i chiqarib tashlaganda 218238 so‘m) miqdorida belgilangan. Bundan tashqari, nazoratchilar uchun autsorsing asosida Davlat test markazi tomonidan sifatli tushlik yetkazib beriladi.
Ikkinchi smenada test topshiruvchilar uchun maydonlarning yoritilganlik darajasi ham muhimdir. Sababi, ikkinchi smenadagi test sinovlari soat 17:00 dan 20:00 gacha davom etadi. Shuni hisobga olgan holda, Samarqand viloyati hokimligi mas’ullari, “Samshaharnur” tashkiloti, Davlat test markazi xodimlari kunning qorong‘u vaqtida mazkur maydonlarning yoritilganlik darajasini maxsus asboblar yordamida nazorat qiladi, zarur holatlarda qo‘shimcha yoritkichlar o‘rnatiladi.
Hozirda barcha maydonlarda oxirgi tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Abituriyentlar uchun ham yetarli miqdorda ichimlik suvi, ruchka, niqob, qo‘lqop, bosh kiyim va dezinfeksiyalovchi vositalar zaxirasi keltirilgan.
Joriy yilda viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga 12 875 ta, magistraturaga 1098 ta o‘rin ajratilgan.
Vohid Sirliboyev,
Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi.