Samarqandda turizm bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar qancha? Ularning bilimi, saviyasi, imkoniyatlari qanday?

Viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi mutaxassislari bilan hamkorlikda turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, ushbu yo‘nalishda o‘z faoliyatini boshlash istagidan bo‘lganlar uchun qisqa muddatli o‘quv kursi tashkil etgan edi. Bugun ushbu kursni tugatganlarga imtiyozli sertifikatlar topshirildi.

Turizm sohasida tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish kursi tinglovchilari 10 kun davomida viloyatda turizmni rivojlantirish, tadbirkorlarni jalb qilish orqali avtomagistral yo‘l yoqalarida uy-mehmonxona va xostellar sonini ko‘paytirish, ularga kelayotgan xorijiy va mahalliy sayyohlarga bir xilda zamonaviy servis xizmati ko‘rsatishni yaxshilash borasida tushunchaga ega bo‘lishdi.

- Samarqandni turistik salohiyatiga yanada joziba qo‘shadigan yetakchi turistik firmalari juda ko‘p, - deydi «Ouzbek voyaces» firmasi rahbari Ilhom Yorboboyev. – Ularning soni yanada ko‘p bo‘lsa, sog‘lom raqobat paydo bo‘ladi. Sayyohlarga yaratilayotgan sharoitlar yaxshilanadi. Ushbu kursda turizm sohasini yanada rivojlantirish, tadbirkorlarga yaratilayotgan imtiyozlar, subsidiya va kredit ajratish shartlari bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘ldik.

O‘tkazilgan o‘quv kurslari bepul ravishda amalga oshirilib, unda kasb-hunar maktabida egallagan kasbi bo‘yicha o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish arafasida yurgan yoshlarga biznes-reja ishlab chiqish, davlat reyestridan o‘tkazish, bankda hisobvaraqa ochish, kredit olish shartlari va tartibi bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi.

Tadbirda «Ouzbek voyaces» va “Maftun turizm” sayyohlik firmalarining brending taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.

Dilmurod To‘xtayev.