Samarqandda turizmni rivojlantirish bilan bog‘liq yigirmadan ortiq xalqaro forum va anjumanlar o‘tkaziladi
2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida bu yil yurtimizda turizm xizmatlari eksportini 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Bu borada mamlakatimizda, xususan, viloyatimizda zarur ishlar qilinyapti. Xususan, davlatimiz rahbarining tegishli qarorida «Samarqand – Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi» targ‘ibot kampaniyasi o‘tkazish belgilangan. Shu maqsadda Samarqand shahrida «Aviation & Logistics Forum» II xalqaro aviatsiya forumi tashkil etiladi. Samarqand jahon turizm tashkilotining navbatdagi yig‘ilishiga ham mezbonlik qiladi. Umuman, bu yerda yil davomida yigirmadan ortiq xalqaro forum va anjumanlar o‘tkaziladi.
Yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ham shu yildan foydalanishga topshirilib, sayyohlarni qabul qila boshlaydi. Yangi turizm ko‘chalari, turizm qishloqlari barpo qilinadi va shunga mos ravishda infratuzilma yaratiladi, xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.