Samarqandda uyning egasiga emas, boshqa odamga pul bergan fuqaroning oldi-sotdi shartnomasi bekor qilindi
J.Xodjayev 2009 yilda B.Bobonovdan 10 million so‘mga shahardagi ko‘p qavatli uylardan birini sotib olgan. Biroq uyning birinchi egasi Sh.Inoyatov B.Bobonovga bergan ishonchnomaning muddati o‘tib ketganligi sababli bitim notarial tartibda rasmiylashtirilmagan.
J.Xodjayev hozirgi kunda shu uyda yashab kelayotgan bo‘lsa-da, uy manzili chalkash. Chunki oldin sobiq Chaykovskiy ko‘chasi 5-uy, 3-xonadon, deb yozilgan bo‘lsa-da, mahalla va guvohlar 5-uy, 2-xonadon ekanligini tasdiqlagan.
Ish hujjatlaridan aniqlanishicha, shaharning hozirgi Abdulla Qodiriy ko‘chasi 5-uy, 3-xonadon Janubiy kon boshqarmasining 1993 yil 13 yanvardagi bo‘yrug‘iga asosan Sh.Inoyatovga tegishli bo‘lib, davlat ro‘yxatiga olingan. Sh.Inoyatov B.Bobonovga 1994 yil 9 noyabrdagi notarial tartibdagi ishonchnoma bilan uyni sotishga vakolat bergan. B.Bobonov J.Xodjayevga 2010 yilda uyni 10 million so‘mga sotganligi to‘g‘risida tilxat bergan.
Sudga qilgan murojaatida J.Xodjayev B.Bobonov bilan o‘rtalarida tuzilgan og‘zaki oldi-sotdi bitimni haqiqiy, deb topishni so‘ragan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudining 2019 yil 7 oktyabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vo talabi qanoatlantirilgan. Sh.Inoyatovga nisbatan mulk huquqi tugatilgan.
Hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib uchinchi shaxs tomonidan keltirgan shikoyatda hal qiluv qarorini bekor qilishni va ish yuzasidan da’voni rad qilish haqida yangi hal qiluv qarori chiqarib berishni so‘ragan.
Birinchi instansiya sudi nizoli uyga ishonchnoma berilganligi, biroq bugungi kunda javobgar mazkur binoni notarial tartibda rasmiylashtirish uchun javobgarning ishonchnomasining muddati o‘tganligini, tilxat uy-joy mulkdori tomonidan berilmaganligi va imzolanmaganligiga qaramasdan, J.Xodjayev oldi-sotdi bitimni haqiqiy, deb topib noto‘g‘ri xulosaga kelgan. Vaholanki, bitim uy-joy mulkdori bilan tuzilmagan.
Birinchi instansiya sudi, ishning haqiqiy holatlarini to‘liq o‘rganmasdan, taraflarning huquq va majburiyatlarini aniqlamasdan, asossiz to‘xtamga kelgan. Bunday holda hal qiluv qarorini qonuniy va asosli, deb hisoblab bo‘lmaydi.
Fuqarolik protsessual kodeksining 375-moddasi, 1-qismi 1-4-bandiga ko‘ra, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘liq aniqlanmaganligi, sud aniqlagan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarning isbotlanmaganligi, sudning hal qiluv qarorida bayon etilgan xulosalarning ish holatlariga muvofiq kelmasligi, moddiy huquq normalari yoki protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilganligi sud hujjatini kassatsiya tartibida bekor qilishga asos bo‘ladi.
Kassatsiya instansiya sudi, yuqorida qayd etilgan qonun talablari va ish holatlaridan kelib chiqib, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilishni lozim topgan.
F.QARShIYeV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi sudyasi.