Samarqandda viloyat "elektroset" mutasaddilari yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan
Bu holat jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining ochiq sud majlisida muhokama qilindi.
Sud hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 21 oktyabr kuni Samarqand shahar favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha tekshirish o‘tkazilgan.
Tekshirish davomida "Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" AJning umumiy masalalar bo‘yicha direktori yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaganligi aniqlangan.
Shuningdek, binoda qoidalarga zid tarzda payvandlash, kesish elektr payvandlash va boshqa elektr qurilmalaridan foydalanib kelinayotgan bo‘lgan.
Tekshiruvchilar viloyat elektr tarmoqlari korxonasida himoyalanish xususiyatini yo‘qotgan elektr kabeli va simlardan, shikastlangan elektr rozetkalar, rubilniklar, elektr simlari qutilaridan va boshqa elektr qurilmalaridan foydalanilayotganiga guvoh bo‘lishgan.
Sud majlisida so‘roq qilingan mutasaddilardan biri u ushbu holatlarga e’tibor bermaganligini, bu kamchiliklar tekshirish vaqtidayoq bartaraf qilinganligini, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanligini bildirib, unga nisbatan qonuniy yengillik berishlikni so‘ragan.
Sud qaroriga ko‘ra, huquqbuzarlardan biri - korxonaning umumiy masalalar bo‘yicha direktori Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 211-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan va MJtKning 21-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikdan ozod etilib, ogohlantirilgan.
Qolgan uch nafar huquqbuzarga (xo‘jalik xizmati bo‘lim boshlig‘i, texnik) esa bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida, ya’ni 135 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toyloq “elektroset”idagi yong‘in xavfsizligi talablari buzilgani uchun korxona ombor mudiriga jarima jazosi tayinlangani e’lon qilingandi.