Samarqandda viloyat sporti ahvoli tahlil qilindi. Xo‘sh, natijalar qoniqarlimi?

Viloyatda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan vidioselektor yig‘ilishida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov soha faoliyatini qoniqarli emas, deb ta’kidladi.

Bugungi kunda viloyatda 5555 ta sport inshooti mavjud. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu inshootlarda bir kunda 161 ming kishi, jumladan, 65 ming nafar qizlar sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda.

Ammo, yig‘ilishda aholini, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan qamrab olishga yetarli darajada e’tibor qaratilmayotgani, hududlarda sportning inson va oila hayotidagi muhim ahamiyati targ‘ib etilmayotgani, iqtidorli sportchilarni saralash, tayyorlash tizimi, muassasalarining moddiy-texnik bazasini zamon talablariga moslashtirish masalalarida muammolar  ko‘pligi qayd etildi.

O‘tgan yil sportning o‘yin turlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionati va kuboklarida gandbol bo‘yicha 7 musobaqadan 3 tasida, voleybol bo‘yicha 6 musobaqadan 2 tasida, regbi bo‘yicha 4 musobaqadan 3 tasida viloyat terma jamoasi ishtirok etmagan. 2018 yilda sportning 15 ta turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalar tahlil qilinganda Jomboy, Qo‘shrabot, Narpay, Nurobod tumanlarida bor-yo‘g‘i ikkitadan bunday tadbirlar bo‘lib o‘tgani oydinlashdi.

Tadbirda sport federatsiyalari faoliyati qoniqarsiz tashkil qilingani, ularning iqtidorli sportchilarni tanlab olishga qaratilgan seleksiya ishlarini olib bormayotgani, federatsiya rahbarlarining tuman va shahar hokimliklari, homiy tashkilotlar bilan hamkorligi yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilindi.

- Sport federatsiyalarining faoliyati qoniqarsiz, – dedi viloyat hokimi. - Qo‘lga kiritilgan natijalar barmoq bilan sanarli. Eng achinarlisi, badminton, tennis, regbi turlari bo‘yicha yaxshi natija ko‘rsatilmagan.

Viloyatda bugungi kunda sun’iy qoplamali mini-futbol maydonlari

202 tani tashkil etsa-da, Kattaqo‘rg‘on shahrida 3 ta, Qo‘shrabot tumanida 5 ta xolos. So‘nggi 3 yil davomida Narpay tumanidan erkin va yunon-rum kurashi, Paxtachi tumanidan dzyudo, boks bo‘yicha birorta ham  professional sportchi yetishib chiqmagan.

Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 2014 yilda Past Darg‘om tumanida, 2015 yilda Urgut tumanida qurilgan suzish havzalaridan yoz mavsumida 7 oy foydalanilib, qolgan davrlarda gaz bosimining pastligi bahona qilinib, deyarli faoliyat ko‘rsatmayapti. Ikki tuman mutasaddilariga Navro‘z bayrami arafasida suzish bo‘yicha “Navro‘z kubogi” musobaqasini tashkil etish topshirig‘i berildi.

Bu yil “Dinamo” professional futbol klubi super ligada o‘yin olib borishi, “Dinamo” stadioni mavsumga shay holatga keltirilayotgani, futbolchilar uchun maxsus avtobus xarid qilinayotgani aytildi. Endilikda futbol bo‘yicha hududlararo musobaqalar o‘tkaziladi. 

Yig‘ilishda joylarda madaniy va sport tadbirlarini ko‘proq o‘tkazish, aholini sportga jalb etish ishlari yanada kuchaytirilishi ta’kidlandi. 2020 yil Tokio shahri (Yaponiya)da bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga litsenziya olish imkoniyatiga ega bo‘lgan nomzod sportchilarga alohida mas’ullar va homiylar tomonidan oylik maosh belgilanadigan bo‘ldi.

Husan  ELTOYEV.