Samarqandda xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan 18 ta maktab tashkil etiladi

Ixtisoslashtirilgan maktablarga viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari biriktiriladi. Bu haqda viloyat hokimi qaror qabul qildi.

Qarorga ko‘ra, har yili tuman (shahar)dagi maktablarni xorijiy tillarni o‘qitish uchun zarur bo‘lgan adabiyotlar, asbob-uskunalar, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta’minlashga mahalliy byudjetdan 1 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mablag‘ ajratiladi.

Shuningdek, ushbu umumta’lim muassasalariga malakali xorijiy mutaxassislar jalb etiladi. Viloyatdan kamida ikki nafar ingliz tili o‘qituvchisi, bir nafar boshqa xorijiy til o‘qituvchisining xorijiy davlatlarga qisqa muddatli malaka oshirishga yuborish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, 2021 yilda xorijiy tillarni o‘qitishga ixtisoslashtirilgan 18 ta maktabni texnik vositalar bilan jihozlash maqsadida 2322,0 million so‘m mablag‘lar mahalliy byudjet va uning qo‘shimcha manbalari hisobidan ajratiladi.