Samarqandda yana 220 nafar fuqaroning uy-joy va yerga egalik huquqi rasman e’tirof etildi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘n beshinchi sessiyasida qabul qilingan qarorga ko‘ra, viloyatning bir qator tuman va shaharlarida istiqomat qiluvchi fuqarolarning mulk huquqlari qonuniy tartibda e’tirof etildi.
Jumladan, viloyatdagi 220 nafar fuqaro o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va ularda qurilgan uy-joylariga nisbatan mulk huquqlariga ega bo‘ldi. Bular - bulung‘urlik 10 nafar, kattaqo‘rg‘onlik 24 nafar, oqdaryolik 42 nafar, jomboylik 20 nafar, payariqlik 13 nafar, narpaylik 19 nafar, paxtachilik 15 nafar, urgutlik 26 nafar, nurobodlik 6 nafar, pastdarg‘omlik 17 nafar, ishtixonlik 2 nafar, qo‘shrabotlik 1 nafar va Samarqand tumanidan 25 nafar fuqarolardir.
Xususan, Past Darg‘om tumanida yashovchi Qalandar Qorayev 1965 yilda qurilgan uy-joyiga nisbatan, oqdaryolik Nodira Jamolova esa Paxtaobod mahallasida qurib, yashab kelayotgan uyiga rasmiy huquq egasi sifatida tan olindi.