Samarqandda yangi xorij bilan hamkorlikda til markazi ochildi
Samarqand davlat chet tillari institutida ispan universiteti bilan hamkorlikda til markazi ochildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar beryapti.
Samarqand davlat chet tillari institutiga Ispaniyaning Kastilya La-Mancha universiteti delegatsiyasi tashrif buyurdi.
Universitetning xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Fatima Gomez boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan ispan tili o‘qituvchilari va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash, ilmiy tadqiqot sohalarida hamkorlik o‘rnatish kabi masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, institutning Roman-german tillari fakulteti qoshida talabalarni ispan tilini o‘rganishga rag‘batlantirish, ularga qo‘shimcha sharoit yaratish hamda yoshlarning bilimini yanada oshirish maqsadida ispan tili markazi ochildi.
Tashrif yakunida Kastilya La-Mancha universiteti va Samarqand davlat chet tillar instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.