Samarqandda yil boshidan buyon 254 ta ayol zo‘ravonlikka uchragan
Oilalarda sog‘lom muhitni shakllantirish, tazyiq va zo‘ravonlik sodir etish ehtimoli mavjud shaxslar bilan profilaktik tadbirlar samarasiz tashkil etilayotganligi, bu borada olib borilayotgan profilaktik ishlar maqsadli tashkil etilmaganligi sababli ko‘plab xotin-qizlar tazyiq va zo‘ravonlik qurboni bo‘lishi kuzatilmoqda.
Joriy yilning 8 oyi davomida Samarqand viloyati bo‘yicha 254 ta holatda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga himoya orderlari berilgan bo‘lib, ushbu tazyiq va zo‘ravonlik 225 ta holatda oilada sodir etilganligi, ushbu tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining aksariyati oldindan mavjud bo‘lgan o‘zaro oilaviy nizolar, foydali mehnat bilan shug‘ullanmaslik, shar’iy nikohsiz yashash, spirtli ichimlikka ruju qo‘yish va boshqa salbiy holatlar omil bo‘lgan.
Kelgusida viloyat hududida yashovchi xotin-qizlar tomonidan jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishi va nisbatan sodir etilayotgan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, shar’iy nikoh va erta turmushlarning oldini olish, shuningdek, hamkorlikda olib borilayotgan profilaktik tadbirlarning samaradorligini yanada kuchaytirish maqsadida 2020 yilning 20 sentyabr kunidan 20 oktyabr kuniga qadar viloyat miqyosida “Tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish oyligi” maxsus profilaktik tadbirlari o‘tkazilishi belgilandi.
Oylik davomida jinoyat sodir etish va jinoyat qurboni bo‘lish ehtimoli yuqori bo‘lgan, shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning ro‘yxati sektorlar va mahallalar kesimida qaytadan shakllantirilmoqda.
Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, og‘ir turmush sharoitida yashayotgan xotin-qizlarni aniqlab, ularni qiynayotgan muammolar atroflicha o‘rganilib, hamkorlikda ijobiy hal etish choralari ko‘rilgan. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning oila a’zolari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, kelgusida mazkur xotin-qizlarga nisbatan yoki ular tomonidan noxush holatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida “Himoya orderi” berilishi ta’minlanib, ushbu oilalar bilan profilaktik ishlarni olib borish uchun murabbiylar biriktirilishiga alohida e’tibor beriladi.