Samarqandda “Zil” bilan odam urib yuborgan fuqaroga qanday jazo tayinlandi?
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat Jomboy tumani sudining sayyor sud majlisi Jomboy tuman Dehqonobod mahalla fuqarolar yig‘ini binosida bo‘lib o‘tdi.
Ochiq sud majlisida 1987 yilda Samarqand tumanida tug‘ilgan yakka tartibdagi tadbirkor Sh.Tuksanovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Aniqlanishicha, Sh.Tuksanov 2019 yil 2 iyul kuni soat 01:15 larda Jizzax viloyatidan somon sotib olish uchun yo‘lga chiqqan. Shu maqsadda “Zil 130” rusumli yuk avtomashinasida Jomboy tumani Qoramo‘yin mahallasidan o‘tayotgan vaqti avtomashinani to‘xtatib qolishning texnik imkoniyatiga ega bo‘lsada, beparvoligi oqibatida yo‘l kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan.
Shundan so‘ng darhol avtomashinasini yo‘lning chekkasiga olib, hushsiz yotgan 1987 yilda tug‘ilgan A.F.ga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, yo‘lovchi avtomashinada Jomboy tumani markaziy shifoxonasiga yuborgan. Shifoxonada ahvoli og‘ir bo‘lganligi uchun A.F. jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. Zarur tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay jabrlanuvchi oltinchi kuni olamdan o‘tgan.
Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan ayblanib, (jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligi inobatga olindi), JKning 45, 57-moddalari qo‘llanilib, 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi. Shuningdek, 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Ya’ni, Sh.Tuksanovga yashash joyidan kechqurun soat 22:00dan ertalab soat 06:00ga qadar chiqish cheklandi. Unga transport vositasini boshqarmaslik, ozodlikni cheklash davomida muayyan joylarga, ya’ni (kafe, bar, restoranlarga) bormaslik, uni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik va yashab turgan viloyat hududidan tashqariga chiqmaslik, aloqa vositalaridan, shu jumladan Internetdan foydalanmaslik, alkogolli ichimliklar iste’mol qilmaslik kabi qo‘shimcha taqiqlar yuklandi.
M.ShERYIGITOV,
jinoyat ishlari buyicha Jomboy tuman sudining raisi.