«UzAutoTRAILER» korxonasida mahalliy tadbirkorlar tomonidan tayyorlangan xomashyolardan foydalaniladi

Jomboy tumanida faoliyat yurtiayotgan «UzAutoTRAILER» MChJ kompaniyasi bugungi kunda tirkama va yarim tirkama texnika, osma texnika, KAMAZ og‘ir yuk mashinalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Zavod faoliyati bilan yaqindan tanishish hamda bojxona sohasi bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish maqsadida Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari J.Fayzullayev korxonada bo‘ldi.

Zavodning umumiy ishlab chiqarish maydoni 4,49 ming kvadrat metr bo‘lib, korxonada 460 nafar malakali xodim ishlaydi. Hozirda zavod yiliga 3000 ta og‘ir yuk mashinalari ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Tahlillarga e’tibor qaratilsa, 2020 yilda korxonaning eksport hajmi 875 ming dollarni, tovar aylanmasi hajmi 393 milliard so‘mni hamda ishlab chiqarish hajmi 464 milliard so‘mni tashkil etdi.

Uchrashuvda ishlab chiqarish jarayonida importning o‘rnini bosuvchi, mahalliy tadbirkorlar tomonidan tayyorlangan xom-ashyolardan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Jomboy tumanida faoliyat yuritayotgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun qulay sharoitlar yaratish, tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayonining o‘rtacha vaqtini qisqartirish maqsadida 2018 yilda “Ulug‘bek” TIF bojxona posti tarkibida “Zarafshon” va “Jomboy” temir yo‘l stansiyalari hududida bojxona punktlari tashkil etilgan edi.

Hozirda mazkur bojxona punktida korxonalarning eksport-import operatsiyalari soddalashtirilgan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazib kelinmoqda.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.