Samarqanddagi 239 mahallaning asosiy drayveri turizm bo‘ladi

Samarqandga 2022 yil 152 davlatdan 1 million 204 ming xorijiy va 4 million 247 ming nafar mahalliy turist keldi. Ularga ko‘rsatilgan turizm xizmatlari eksporti 197,6 million dollarni tashkil etdi. Joriy yilning dastlabki uch oyida ko‘hna kentga kelgan xorijlik sayyohlar 217 ming nafardan, mahalliy sayyohlar esa 814 ming nafardan oshdi.

Bu haqdagi ma’lumotlar Samarqand viloyati hokimining turizmga mas’ul o‘rinbosari Rustam Qobilov ishtirokidagi brifingda ma’lum qilindi.

– Shu paytgacha xorijiy turistlarning viloyatimizda qolishi o‘rtacha 2,6 kunni, kunlik xarajatlari esa 65-213 AQSh dollarini tashkil etayotgan edi, – deydi R.Qobilov. – Bu yil sayyohlarning Samarqandda qolish kunlarini yana bir kunga uzaytirish orqali turizm xizmatlari eksporti 14 million dollarga ko‘payadi. Umuman, yil davomida 1,5 million nafar xorijlik turistlar jalb etilib, xizmatlar eksporti 250 million AQSh dollariga yetkaziladi. 2022 yilda tuman va shaharlarimizdagi 103 mahallada turizm sohasi asosiy drayver sifatida belgilanib, 491 ta xonadonda oilaviy mehmon uylari tashkil etildi. Mazkur tarmoqda 5800 nafardan ortiq aholining bandligi ta’minlandi. Bu yil turizm sohasi asosiy drayver sifatida tanlangan mahallalar soni 239 taga, xonadonlar esa 1144 taga yetkaziladi. 

Natijada 104 ta oilaviy mehmon uyi, 105 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi tashkil etilib, sohadagi band aholi soni 7189 nafarga yetkaziladi. Joriy yilda Toyloq tumanidagi Vorsin va Samarqand tumanidagi Yangiariq mahallalarida umumiy qiymati 127 milliard so‘mlik ikkita turistik majmua loyihasi amalga oshirilib, mehmonlarni qabul qila boshlaydi. Nurobod tumani Oqsoy mahallasida loyiha qiymati 120 milliard so‘m bo‘lgan osma dor yo‘li foydalanishga topshiriladi. Urgut, Oqdaryo va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida 4 ta ekoturizm dam olish maskanlari ochiladi. 

Samarqand shahrida loyiha qiymati 4 trillion 542 milliard so‘m bo‘lgan savdo va ko‘ngilochar markaz faoliyat boshlaydi. Bundan tashqari, Kattaqo‘rg‘on va Oqdaryo tumanlarida bittadan, Samarqand tumanida ikkita sog‘lomlashtirish markazi sayyohlarni qabul qiladi. Joylashtirish vositalarining umumiy soni 681 taga, o‘rinlar soni 18869 taga, turoperatorlar soni 250 taga, turizm qishloqlari 18 taga yetkazilib, 16 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi. Viloyatda ziyorat, biznes, klassik eko, agro, gastronomik va shopping turizm ob’yektlari, shuningdek diqqatga sozovor joylar, dam olish maskanlari turizm qishloqlari va ko‘chalari bo‘ylab 5 kunlik sayyohlik dasturi ishlab chiqildi.  

Samarqand xalqaro aeroporti imkoniyatlaridan keng foydalangan holda bu yil haftalik aviaqatnovlar sonini 55 tadan 120 taga yetkaziladi. Bu yil ham Samarqand yirik xalqaro forum va anjumanlar markaziga aylanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil davomida 25 ta xalqaro tadbir o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Jumladan, Butunjahon sayyohlik tashkilotining 25-yillik bosh assambleyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishi, "Ko‘rfaz arab mamlakatlari hamkorlik kengashi+Markaziy Osiyo strategik muloqoti"ning ikkinchi yig‘ilishiga Samarqand mezbonlik qilishi kutilmoqda.  

G‘.Hasanov.