Samarqanddagi 3-tug‘ruqxona karantindan sog‘lom qaytgan ayolni nega qabul qilmadi?
Zarnews.uz sayti tahririyatiga Samarqand tumani, Kulbaipoyon mahallasidan fuqaro murojaat qildi. Gap shundaki, shu yilning 25 mart kuni murojaatchi rafiqasining dardi kelib, Samarqand shahridagi 3-tug‘ruqxonaga olib keladi. Ammo tug‘ruqxona xodimlari ularni “karantindan chiqqan ekansiz, boshqa tug‘ruqxonaga boring”, deb qabul qilmay jo‘natishgan.
«Vaholanki, o‘sha payti ayolimning ahvoli og‘ir, farzandimiz tug‘ilishi payti juda yaqin edi, - deydi murojaatchi. – Bizning manzilimizga shu tug‘ruqxona juda yaqin, kelin, opalarimiz asosan shu tug‘ruqxonaga murojaat qilishadi. Biz, rafiqam, o‘g‘lim shu oyning boshida Koreyadan kelgach, Toshkentdagi Bo‘ston sanatoriysida 14 kunlik karantinda bo‘ldik. Shifokorlar, «sog‘lomsizlar, sizda hech qanday kasallik alomatlari yo‘q», degan ma’lumotnoma ham berishdi. Shuning uchun Samarqandga, oilamiz davrasiga qaytib, odatiy yashash tarzimizni davom ettirdik. Rafiqam tug‘ruqxonaga borish vaqti yaqinlashgach, u yerga borganimizda, ana-mana farzandli bo‘laman, degan ayolni qabul qilmasligini qanday tushunish mumkin? Keyin uni viloyat Perinatal markaziga zudlik bilan olib borishimizga to‘g‘ri keldi. Allohga shukur, vaqtida ulgurdik. Ammo 3-tug‘ruqxonaning aholiga bunday munosabatini qanday tushunish kerak? Ularning bunday yo‘l tutishga haqqi bormi?».
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, viloyat Perinatal markazida koronavirusga chalingan bemorlar uchun izolyasiya koykalari tayyorlangan.
Ammo ushbu holatda ayol sog‘lom, unda kasallik alomatlari bo‘lmagan holda uni qabul qilmaslik qaysi qoidalarga to‘g‘ri keladi? 3-tug‘ruqxona mutasaddilaridan bu masalada javob kutamiz.