Samarqanddagi 80 ta madaniy meros ob’yekti ilmiy-ekspert kengashi muhokamasida bo‘ldi

Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining sayyor yig‘ilishi Samarqand shahrida tashkil etildi.

Unda mamlakatimiz moddiy madaniy merosining ko‘chmas mulk ob’yekti sifatida davlat muhofazasiga olinishi, arxeologik, arxitektura va turizm maskanlarining infratuzilmalarini rivojlantirish, monumental san’at asarlarini asrash masalalari kengash a’zolari – arxitektura-qurilish sohasi mutaxassislari, san’atshunos, sharqshunos, muzeyshunos hamda tarixchi olimlar, restavrator mutaxassislar tomonidan muhokama qilindi.

- Samarqandga bejiz Markaziy Osiyo madaniyati poytaxti, deya ta’rif berilmagan, - deydi Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, kengash raisi Tursunali Qo‘ziyev. – Tabiiyki, bunday e’tirofga shaharning qariyb uch ming yillik tarixga ega ekanligi asos bo‘lgan. Uzoq yillik o‘tmishi davomida shaharning bir necha tarixiy qatlamlari ustida qayta-qayta bino va inshootlar qurilavergan. Shunday ekan, bugun yoki bundan keyingi davrlarda ham amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlarining shahar qiyofasi, tarixiy-madaniy qatlamiga ziyon yetkazmasligining oldini olishimiz kerak. Buning uchun nafaqat Samarqand shahri, butun respublika miqyosida madaniy meros ob’yektlari atrofida bajarilayotgan qurilish ishlariga oid chora-tadbirlarga xulosa beruvchi ilmiy-ekspert kengashi faoliyat yuritmoqda.

Nafaqat respublikamizda, balki mintaqadagi eng ko‘p madaniy meros ob’yektlari, tarixiy ashyolarga ega bo‘lgan Samarqandning madaniy yodgorliklari, turizm maskanlarini asrab-avaylash, ularni kelajak avlodga o‘zining asl an’analari asosida yetkazish bizning asosiy vazifamiz sanaladi.

Kengash davomida olimlar tomonidan madaniy meros ob’yektlarini restavratsiya qilish, ta’mirlash-tiklash ishlarini olib borish, pudrat ishlarini amalga oshirish, ularga kerakli mablag‘lar yo‘naltirish yuzasidan 121 (Samarqandga oid 80) ta loyiha va takliflar ko‘rib chiqildi va xulosalar berildi.