Samarqanddagi besh mingdan ortiq geografik ob’yekt nomi o‘zgartirildi

“Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” mavzusida viloyatdagi barcha tuman (shahar)lar hokimlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari ishtirokida seminar tashkil etildi.

Urgut tumanida o‘tkazilgan tadbirda dastlab viloyat hokimining maslahatchisi Sherali Temirov “Davlat tili haqida”gi qonun ijrosi va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tish bo‘yicha olti oyda amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Sh.Temirovga ko‘ra, viloyatdagi 256 ta boshqarma, tashkilot va idoralar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidan foydalanmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida tashkilotlarda foliyat yuritayotgan xodimlarga maslahatchilar tomonidan shu sohadagi me’yoriy hujjatlar mazmun-mohiyati tushuntirilib, hududlarda o‘rganish ishlari olib borilgan.

Jumladan, 5052 ta geografik ob’yektlar, shundan 4826 ta ko‘cha nomlari, 2 ta mahalla, 2 ta maydon, 5 ta istirohat bog‘i, 8 ta ziyoratgoh va 209 ta qabriston nomlarini o‘zgartirish bo‘yicha ekspertiza xulosalari olinib, ular xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi qarorlari bilan tasdiqlangan va davlat restriga kiritilgan. Shuningdek, tuzatilishi kerak bo‘lgan 8624 ta tashqi reklama vositalaridan 5477 tasi bartaraf etilib, tadbirkorlik sub’yektlariga mahsulotlarini targ‘ib etishda davlat tili qoidalariga qat’iy amal qilishlari tushuntirilgan.

Seminar davomida maslahatchilar tomonidan amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, joriy yilda nashrdan chiqqan sakkiz turdagi olti jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, ikki jildlik “O‘zbek tili sinonimlarining katta izohli lug‘ati”, “O‘zbek xalq so‘zlari”, “O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati”, “O‘zbek tili frazeologik lug‘ati”, “O‘zbek xalq paremarlarining sinonimik izohli lug‘ati”, “Nonvoychilik terminlarining izohli lug‘ati”, “Axborot texnologiyalari atamalarining izohli lug‘ati” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

- Mazkur kitoblar Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi” tomonidan taqdim etilgan bo‘lib, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida tartib berilgan, - deydi Sh.Temirov. - Xususan, “O‘zbek tilining katta imlo lug‘ati”da avvalgi imlo lug‘atlariga nisbatan so‘z va terminlar kengroq aks ettirilgan hamda kirill va lotin yozuvlaridagi tafovutlar aniq ko‘rsatilgan. Lug‘atda 90 mingga yaqin so‘z bor. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobi esa oldin besh jildda nashr etilgan bo‘lsa, ushbu nashr olti jildda yangi termin va kengaytmalar bilan chop etilgan.

Fazliddin Ro‘ziboyev.