Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddagi chiqindi tashish korxonasida 1 ta abonentga 2 ta hisob varaqasi ochilgan

Aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun qarzdorlik 7,5 milliard so‘mga yetgan. Bu haqda bugun viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan apparat yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish uchun to‘lovlarni to‘lash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 22 oktyabrdagi farmoni ijrosi yuzasidan “Maroqand Obod” DUK tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar viloyat ishchi guruhi tomonidan o‘rganildi.

Bugungi kunda korxona tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun 2020 yilning 1 yanvar holatiga yuridik shaxslarning qarzdorligi 1,4 milliard so‘mni tashkil etmoqda.

Shundan, 330,8 million so‘mi byudjetdan moliyalashtiriladigan korxona va tashkilotlar, 342,4 million so‘mi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, 756,6 million so‘mi xususiy korxonalar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun esa qarzdorlik 7,5 milliard so‘mni tashkil etmoqda.

O‘rganish davomida Bog‘i safedi mahallasi aholisiga “Maroqand obod” DUK to‘liq xizmat ko‘rsatmayotganligi sababli to‘lov amalga oshirilmasligi bildirilgan.

“Maroqand obod” DUK tomonidan olib borilayotgan hisobotlarda ushbu mahalla aholisining qarzdorligi 74,1 million so‘mni tashkil etmoqda. Vaholanki, aholi o‘z mablag‘lari hisobidan yuk avtomashinasi yollab, chiqindilarni olib chiqmoqda.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, “Maroqand obod” DUKning “Clientcity.uz” billing dasturi orqali yuritilayotgan ma’lumotlar bazasida 1 ta abonentga 2 ta hisob varaqasi (dvoynik) ochilganligi, ya’ni 1182 ta abonentga 2365 ta hisob varaqalari yuritilgan.