Samarqanddagi ishchilarga 6 oyda qariyb 800 milliard so‘m to‘landi
Samarqand viloyati bo‘yicha aprel-sentyabr oylarida 791,5 milliard so‘m ishchi-xodimlarga oylik ish haqi to‘lovlari to‘lab berildi. Jumladan, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun 606,5 milliard so‘m, maktabgacha ta’lim muassasalari uchun 94,2 milliard so‘m, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalariga 63,5 milliard so‘m, sport va madaniyat muassasalariga 27,3 milliard so‘m mablag‘ to‘landi.
Bu haqda Matbuot uyida viloyat g‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘i Oybek Hamdamov Prezidentimizning koronavirus pandemiyasining iqtisodiy tarmoqlarga salbiy ta’sirini yumshatish, aholi va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida qabul qilingan farmon va qarorlari ijrosiga qaratilgan brifingda ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, Prezidentimizning joriy yil 30 iyuldagi farmoniga asosan 46,4 milliard so‘m va 26 avgustdagi qaroriga asosan pandemiya davrida inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun 35,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Shuningdek mazkur farmon bilan tadbirkorlik sub’yektlariga imtiyoz va preferensiyalar berildi. Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan viloyatdagi kichik sanoat zonalari infratuzilma ob’yektlarini ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ishlari uchun 22,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Bundan tashqari, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 22 ta umumta’lim maktabini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun 57 milliard so‘m, 6 ta maktabgacha ta’lim muassasasini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash uchun 20 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. 1000 o‘rinli karantin zonasi qurilishiga 59,3 milliard so‘m va yo‘llarni ta’mirlash uchun 100 milliard so‘m, irrigatsiya va melioratsiya ob’yektlari uchun 10 milliard so‘m moliyalashtirishgan.
Pandemiya davrida inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish tadbirlari uchun 131,9 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Jumladan, viloyatimizdagi tibbiyot, sanitariya va epedemiologiya xizmati xodimlarining oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar uchun 20,1 milliard so‘m, 14 kunlik faoliyat davri uchun belgilangan 5 million so‘mdan 25 million so‘mgacha bo‘lgan maxsus rag‘batlantirish to‘lovlari uchun 55,2 milliard so‘m miqdorida mablag‘ to‘landi. Bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infeksiyasi yuqtirib olgan xodimlarga to‘lanadigan bir martalik (100 million so‘mdan) maxsus to‘lovlar uchun 1,1 milliard so‘m to‘lab berildi. Xodimning lavozim maoshiga mehnatning sog‘liq uchun xavfliligi va og‘ir sharoitlari uchun belgilanadigan qo‘shimcha to‘lovlar (SEOM xodimlari uchun) 3,5 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ to‘landi.
Viloyat hokimining qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan jami 21 milliard 907 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Jumladan, dori-darmon zaxirasini yaratish maqsadida 5 milliard 675 million so‘m, 108 ta “Damas”, 10 ta “Volkswagen Caddy” tez yordam avtomashinasi va 2 ta “ISUZU” (avtofurgon) maxsus avtomashinasi sotib olish uchun 12,8 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. 5 ta zamonaviy “Rentgen” apparati uchun 2 milliard 290 million so‘m, tuman-shaharlar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish tadbirlari uchun 1 milliard 132,8 million so‘m mablag‘ ajratildi.