Samarqanddagi noqonuniy qurilishlar haqida jurnalistlarga ma’lumot berildi

Viloyat hokimligi tashabbusi bilan huquq-tartibot organlari rahbarlari va sudlar raislari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish va noqonuniy qurilishlar masalasi muhokama etildi.

Dastlab, Samarqand viloyati prokurori o‘rinbosari S.Usmonov ushbu yo‘nalishda qonun ustuvorligini ta’minlash va aniqlangan qonunbuzilish holatlari haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlandiki, 2018 yilda Vazirlar Mahkamasining topshirig‘iga ko‘ra tegishli vazirlik va idoralar mas’ul xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan Samarqand shahrining tarixiy va bufer zonalarida xatlov o‘tkazildi. Ushbu jarayonda qurilish ishlari olib borilayotgan 159 ob’yektda qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Xatlov natijalari bo‘yicha respublika komissiyasi xulosasiga ko‘ra 17 ob’yektni to‘liq yoki qisman buzish belgilandi va tegishli tartibda sudlarga da’vo arizalari kiritildi. Mazkur ob’yektlarning aksariyati bo‘yicha sud qarorlari chiqarilib, ijro harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, viloyat miqyosida hal etilishi lozim deb topilgan 141 ta ob’yektning 12 tasi belgilangan me’yordan chetga chiqqan. 129 tasining fasad qismini Madaniyat vazirligi bilan kelishish lozimligi qayd etildi. Ushbu ob’yektlar bo‘yicha ham qaytadan loyiha hujjatlari tayyorlanib, shaharsozlik kengashida ko‘rib chiqildi. Shundan 116 ta ob’yektning loyiha taklifi ma’qullangan, 9 tasi rad etilgan.

Bundan tashqari, Samarqand shahar hokimining qurilish uchun yer maydoni ajratish bo‘yicha 19 ta qaroriga nisbatan protest kiritilgan va bekor qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilgan va aholining e’tirozlariga sabab bo‘lgan “Afrosiyob Xosiyat begim makoni” qurilish firmasining Samarqand shahrida noqonuniy ravishda ko‘p qavatli uylar qurish uchun fuqarolardan ko‘p miqdorda pul mablag‘lari olishi yuzasidan 2018 yil dekabrda korxona rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi ochilgan.

Xatlov natijasiga ko‘ra, ushbu qurilish tashkiloti tomonidan Dahbed ko‘chasida qurilgan 161 ta, Mironshoh ko‘chasidagi 25 ta xonadon buzilishi rejalashtirilgan. Buning oqibatida fuqarolarga 44 milliard so‘m zarar yetishi hisoblangan. Yetkazilgan zararni qoplash maqsadida mazkur korxona va uning mansabdor shaxslariga tegishli bo‘lgan 20 milliard 600 million so‘mlik mol-mulk xatlangan.

Matbuot anjumanida Samarqand tumani Qorasuv massivida Samarqand viloyat davlat o‘rmon xo‘jaligining “Dahbed-1” uchastkasi hududidagi yer maydonlarining fuqarolarga noqonuniy sotib yuborilgani yuzasidan ham ma’lumot berildi.

Qayd etilishicha, o‘rmon xo‘jaligi tomonidan mazkur hududdan 116 nafar fuqaroga bog‘dorchilik va uzumchilik xo‘jaligi tashkil etish uchun 9,5 gektar yer maydoni ajratilgan. Ammo fuqarolar bu yerda o‘zboshimchalik bilan uy-joy qurgan. 7 nafar fuqaro esa 87 sotix yerni qonunga zid ravishda egallab olgan. Shuningdek, Samarqand tumani hokimining qarori bilan ajratilgan va o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlarida 123 fuqaroning 21 nafari uy-joy qurgan, 62 nafari devor bilan o‘rab olgan, 23 nafari poydevor qo‘ygan. Mazkur holatlar bo‘yicha Samarqand tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va viloyat davlat o‘rmon xo‘jaligi ushbu uy-joylar va noqonuniy qurilmalarni buzish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga da’vo arizalari kiritgan. Hozirda mazkur da’vo arizalari asosida 119 ta sud buyrug‘i chiqarilib, noqonuniy qurilishlar buzilmoqda.

Ushbu hududdan Samarqand tumani hokimining qarori bilan 42 nafar va o‘rmon xo‘jaligi rahbarlari qarori bilan 4 nafar tadbirkorlik sub’yektlariga jami 38,5 gektar yer noqonuniy ajratilgani aniqlandi.

O‘rganishlar jarayonida 19 holatda viloyat davlat o‘rmon xo‘jaligining sobiq rahbarlari tomonidan 143 ming 500 dollarga yer maydonlari sotilganligini aniqlanib, fuqarolarga yetkazilgan zarar undirib berildi.

Matbuot anjumanida jurnalistlarning Samarqand shahrida xatlov natijasida aniqlangan ob’yektlarda hamon qurilish ishlari davom etayotgani, yangi qurilishlardagi qonunga zid holatlar, qurilish ishlarining sifatsizligi va shaharsozlik me’yorlariga mos kelmasligiga oid savollariga huquq-tartibot organlari mas’ul xodimlari va mutasaddilar batafsil javob berdi.

Savol-javoblar davomida qurilish uchun yer maydoni ajratish, ko‘p qavatli uylar qurilishida oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchatirish zarurligi ta’kidlandi.

G‘.HASANOV.