Samarqanddagi ommaviy yurishda kimlar qatnashdi?

Bugun tongda Samarqand shahridagi Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘ining asosiy kirish qismidan bog‘ bo‘ylab Mustaqillik ko‘chasi orqali 3000 metrga ommaviy yurish marafoni o‘tkazildi.

Viloyat jismoniy tarbiya va sport hamda sog‘liqni saqlash boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 1,5 ming nafarga yaqin tibbiyot xodimlari va sportchilar ishtirok etdi. Ishtirokchilar  marafonda qatnashish bilan birga 1,5 soat davomida ertalabki badantarbiya mashqlarini ham bajardi.

- Bugungi ommaviy yurish marafoni va badantarbiya mashqlarida, asosan, tibbiyot xodimlari va sportchilar qatnashdi, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i D. Jumaniyozov . - Endilikda bu tadbir haftaning har shanba kuni ommaviy tarzda o‘tkazilishi belgilangan. Shuning uchun keyingi mashqlarga barcha korxona-tashkilotlar xodimlarini taklif qilamiz. Chunki sog‘lom tanda - sog‘ aql, deydi xalqimiz. Tanamiz sog‘lom bo‘lsa, turmushimizda fayz, ishimizda unum bo‘ladi.

A.Isroilov.