Samarqanddagi “qizil” maktablarga navoiylik o‘qituvchilar direktorlikka tayinlandi
Samarqand viloyatining olis hududlaridagi ta’lim sifati past, umumta’lim maktablariga qo‘shni viloyatlardagi ta’lim muassasalarining malakali mutaxassislari direktorlikka jalb etilmoqda.
Jumladan, bugun Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 66-, Qo‘shrabotdagi 19- va Nurobod tumanidagi 71-maktabga Navoiy viloyatidagi ta’lim sifati yuqori bo‘lgan maktablarda faoliyat ko‘rsatayotgan tajribali o‘qituvchilar direktor etib tayinlandi.
– Davlatimiz rahbarining 2020 yil 6 noyabrdagi “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda ushbu qaror asosida Xalq ta’limi vazirining 2021 yil 26 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “Tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlari huzuridagi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan xalq ta’limi xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga muvofiq, olis hududlardagi va ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarga malakali mutaxassislarni jalb qilish hamda ularni moddiy rag‘batlantirish choralari ko‘rilmoqda, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Z.Shodiyeva. – Shu paytgacha viloyatimizdagi maktablarda 30 nafar pedagog-o‘qituvchi boshqa viloyat va tumanlardan kelib faoliyat olib borayotgan edi. Yaqinda Farg‘ona viloyatida mehnat yarmarkasi o‘tkazib, 51 nafar oliy va birinchi toifali ingliz tili, ona tili va adabiyot, biologiya, kimyo hamda matematika va fizika fanlari o‘qituvchilarini Nurobod, Qo‘shrabot hamda Kattaqo‘rg‘on tumanlarining olis va “qizil” toifadagi maktablariga ishga qabul qilgan edik. Endilikda direktorlikka ham boshqa viloyatdan bo‘lsa-da tajribali pedagoglarni jalb qilyapmiz.
Qo‘shrabot tumanidagi 19-umumiy o‘rta ta’lim maktabi “qizil” toifadagi maktab hisoblanadi. Muassasada faoliyat olib borayotgan 27 nafar o‘qituvchining atigi 2 nafari birinchi, 8 nafari ikkinchi toifali o‘qituvchilardir. 2019/2020 o‘quv yilida maktabni bitirgan 13 nafar 11-sinf bitiruvchisidan birortasi oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kira olmagan.
Bugun ushbu maktabga Ichki ishlar vazirligi Navoiy akademik litseyi direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida faoliyat olib borgan O‘ktamjon Mardonov rahbarlikka tayinlandi.
Maktab jamoasi va mahalla faollari bilan uchrashuv chog‘ida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Z.Shodiyeva, tuman faollari va deputatlar bu kabi chora-tadbirlar maktabda ta’lim sifatini oshirish, yoshlarning puxta bilim egallab, kelajakda o‘zlari qiziqqan yo‘nalishlar bo‘yicha oliy ma’lumot olib, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishlariga qaratilganini ta’kidladi.