Samarqanddagi qurilishlarning aksariyatida pasport yo‘q, 250 ta qurilish ob’yektidagi ishlar to‘xtatilgan
Bu haqda viloyat hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Shukurov tomonidan qurilish bosh boshqarmasida o‘tkazilgan seminar yig‘ilishda aytildi.
Shahar va tumanlar bilan telemuloqot tarzida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatda amalga oshirilayotgan qurilish ob’yektlarida texnik pasportlar joriy etilishi hamda qurilish maydonlarini himoya to‘siqlari bilan o‘rash holati qoniqarsiz ekanligi, qurilish ob’yektlarining sifat talablariga rioya etilmayotgani, ko‘p qavatli uy-joylar qurilish ob’yektlarida shou-rum (showroom)larni tashkil etmaganligi tanqid ostiga olindi.
Ba’zi hududlarda tasdiqlangan dasturlar doirasida ijtimoiy soha ob’yektlari hamda yangi tartibdagi, namunali loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylarni foydalanishga topshirishning ahvoli achinarli holatda.
- Agar bundan buyon qurilish normalariga amal qilinmas ekan, har qanday qurilish ob’yekti faoliyati qonuniy ko‘rib chiqiladi va qurilish ishlari to‘xtaladi, - dedi A.Shukurov. - Qurilishga oid xujjatlarning rasmiylashtirilishida ham bir qator qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani oqibatida 250 ta ob’yektning qurilish ishlari to‘xtatildi. Qurilganiga 5 yil bo‘lmasdan muammolar ko‘paymoqda. Sifatsiz qurilgan imorat uchun xalq oldida hamma javob berishi kerak. Kerak bo‘lsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birga ishchi guruh tuzilib, ular ishiga baho beriladi, qonuniy chora ko‘riladi.
Shuningdek, qurilish ob’yektida ishlayotgan ishchilarga sharoit qilinmayapti, ular maxsus kiyim bilan ta’minlanmagan, texnika xavfsizligiga amal qilinmayotgani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i Laziz Hamidov, qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi boshlig‘i Hamdam Jabborovning sohada qilinayotgan ishlar bo‘yicha ma’lumoti eshitildi.
Husan ELTOYeV.