Samarqanddagi radarlar bir oyda 11897 ta qoidabuzarlikni qayd etdi

2021 yilning dastlabki oyi tahlillariga ko‘ra, Samarqand viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, harakat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurash borasida ko‘rilgan choralar, o‘tkazilgan reyd tadbirlari natijasida bir oy mobaynida viloyat hududida 40 280 ta qoidabuzarlik aniqlandi. Bu o‘tgan yilning shu davri bilan qiyoslaganda 76 foizga yoki 14 416 taga ko‘pdir.

Jumladan, 725 holatda haydovchilarning transport vositasini mast holda boshqargani qayd etilib, tegishli javobgarlik choralari belgilandi.

– Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan vakolatimiz doirasida bo‘lgan 34 180 ma’muriy bayonnoma bo‘yicha huquqbuzarlardan 5 milliard 635 million so‘m miqdorida jarima undirish belgilangan, – deydi Samarqand viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Z.Qayumov. – Bundan tashqari, viloyat hududidan o‘tuvchi xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llarida o‘rnatilgan onlayn rejimida ishlovchi 17 ta statsionar va 5 ta mobil radar yordamida 11 897 ta qoidabuzarlik aniqlanib, 5 milliard 663 million so‘m jarima yozilgan.