Samarqanddagi xonadonlardan birida katta o‘g‘irlik sodir etgan shaxslar qo‘lga olindi
20 may kuni S.S. va A.R.lar jinoiy til biriktirib, tanishi - Samarqand shahar Jomboy ko‘chasida yashovchi 22 yoshli M.N.ning yashash uyiga o‘g‘rilikka tushdi.
IIV huzuridagi Tergov departamentining ma’lum qilishicha, jinoyatchilar uyda ko‘p miqdorda tilla taqinchoqlar va pullar borligini hamda uy egasi M.N. va uning oila a’zolari 2020 yil 20 may kuni soat 14:00 dan 18:00 ga qadar uyida bo‘lmasliklari to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lgan. Ular shu kuni soat 15:00 da uyga kalit tanlash yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, 148.440.000 so‘mlik turli xildagi tilla taqinchoqlar va 3.100 AQSh dollari naqd pullarni yashirin ravishda talon-toroj qilgan va M.N.ga umumiy 179.841.636 so‘mlik moddiy zarar yetkazib, hodisa joyidan yashiringan.
Holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdordagi o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. A.R.ga tegishli moddalar bilan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. S.S.ni qo‘lga olish va tergovga keltirish choralari ko‘rilmoqda. Dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Shuningdek, IIV fuqarolarga uydagi moddiy boyliklarni asrab-avaylashni, uyda hech kim yo‘qligidan boshqalarning xabari bo‘lmasligini ta’minlashni, deraza romlariga temir panjaralar o‘rnatishni, eshiklar qulflanganligiga alohida e’tibor qaratishni hamda imkon boricha qo‘riqlash pultlariga ulanishni tavsiya qildi.
Eslatma, JKning 169-moddasi 4-qismi “a” bandi, “o‘g‘rilik, ya’ni o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.