Samarqanddagi “Za liniya” hududi shaharchaga aylantiriladi
Prezident Sh.Mirziyoyev pandemiya davrida iqtisodiy inqirozning oldini olish bo‘yicha o‘tkazgan selektr yig‘ilishida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov bu boradagi ishlar bo‘yicha axborot berar ekan, Samarqand shahrida amalga oshirilayotgan yangi loyihalar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Gap shahardagi vakzalorti, ya’ni xalq tilida “Za liniya”, deb nom olgan mavze ustida bormoqda. Bir tomoni temir yo‘l, ikkinchi tomoni “Siyob” arig‘iga tutash, atrofi jarliklardan iborat bu manzil yillar davomida e’tibordan chetda qolgan. Yashirib nima qildik, bir zamonlar jazodan qochganlar, jamiyatda o‘rin topa olmaganlar shu maskanda yashab kelgan.
Eski, vaqtinchalik savdo do‘konlarini hisobga olmasak, bu hududda xizmat ko‘rsatish shoxobchalari yo‘q, jamoat transporti qatnovi yo‘lga qo‘yilmagan. To‘g‘ri, mavzedagi yo‘llarga asfalt yotqizildi, maktab, bolalar bog‘chalari ta’mirlandi, tungi yoritgichlar o‘rnatildi. Biroq o‘z vaqtida uy-joylarning tartibsiz, jar yoqalariga, hatto noqonuniy qurilgani, mahalla faollarining harakati ko‘ngildagidek natija bermayapti. Umumfoydalanishdagi hovlilarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan xonadonlar yo‘llarni yopib qo‘ygan.
Shu sababli bu mavzeda 16-20 ming aholi yashaydigan shaharcha qurish loyihasi tuzilyapti. Bu yerda eng avvalo 30 ga yaqin ko‘p qavatli uylar, maktab, mahalla markazi, bolalar bog‘chasi, istirohat bog‘i, sport va savdo majmualari, boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchalari quriladi. Natijada jar yoqasidagi uylar ichkariga olinib, sayr qilish maydonchalari barpo etiladi. O‘zbekkenti qishlog‘i orqali Zarafshon daryosidagi korxonalardan shag‘al tashuvchi og‘ir yuk mashinalariga alohida yo‘l ochiladi. Qorasuv massividan shaharga kiruvchi yo‘l shu mavze orqali o‘tadi, kanailizatsiya tarmog‘i tortiladi.
Prezident ushbu loyiha bilan Samarqandga tashrifi chog‘ida, albatta tanishib o‘z tavsiyalarini berishini aytib o‘tdi.