Samarqandga Xitoydan 30 tonna quruq choy keltirildi

Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tufayli e’lon qilingan karantin paytida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish, barcha hududlardagi oziq-ovqat do‘konlarini zaruriy mahsulotlar bilan ta’minlash, narxlar oshib ketishining oldini olish borasida tizimli ishlar qilinmoqda.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida viloyatda oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi yuzaga kelmaydi. Bugungi kunda viloyatda turli xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan ta’sis etilgan 40 ta bojxona omborlari mavjud bo‘lib, ularning 29 tasi ochiq turdagi va 11 tasi yopiq turdagi bojxona omborlari hisoblanadi.
“Zarafshon” temir yo‘l stansiyasi orqali “SAMARKAND INVEST STROY SERVIS TORG” bojxona omboriga Xitoy davlatidan 30 tonna miqdoridagi quruq choy keltirildi. Bojxona postlari orqali kiritilayotgan barcha turdagi oziq-ovqat mahsulotlari maxsus laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilgan holda bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilmoqda. Bojxonachilar karantin sharoitidan kelib chiqib, maxsus himoya vositalari bilan himoyalangan holda xizmat olib borishmoqda. Maqsad aholini xavfsiz va kafolatli arzon mahsulotlar bilan ta’minlashga erishish.
“Ulug‘bek” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti tarkibida 3 ta bojxona punktlari faoliyat yuritadi. Bojxona punktlari orqali viloyatda mavjud temir yo‘l bekatlari orqali respublikamizga kirib kelayotgan va olib chiqib ketilayotgan hamda tranzit harakatlanayotgan tovarlar ustidan bojxona nazorati olib boriladi. Joriy yilning 1-choragida Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston davlatiga 19,3 million AQSh dollari miqdoridagi mahsulotlar eksport qilinib, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Eron, Qozog‘istondan 123,6 million AQSh dollaridagi asbob-uskuna, avtomobil butlovchi qismlar, farmatsevtika tovarlari, metall va neft mahsulotlari import qilindi.
Aytish joizki, bojxona hujjatlari rasmiylashtiruvi jarayonining takomillashtirilishi, sohada zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanilishi natijasida ilgari bir necha kun davom etadigan hujjat rasmiylashtirish hozirda bir necha soat va sanoqli daqiqalarda amalga oshirilmoqda.
“DIAMOND-INVEST” bojxona omborida bugungi kunda 4 xil hajmdagi 180 tonna margarin mahsulotlari saqlanmoqda. Shartnoma asosida Yekaterinburgdan temiryo‘l orqali keltiriladigan mazkur mahsulot bugun savdo do‘konlarini ta’minlash uchun yetarli miqdorda. Karantin tufayli buyurtmalar onlayn tarzda qabul qilinmoqda.
“DIAMOND-INVEST” bojxona ombori direktori Farhod Xushvaqtovning ta’kidlashicha, joriy yilning yanvar oyidan buyon Afg‘onistonga 560 ming AQSh dollari miqdoridagi fasol, mosh kabi dukkakli ekinlar eksport qilingan. Shuningdek, omborda logistika markazi orqali Qozog‘istondan keltirilgan 10 xil turdagi makaron, 8 xildagi mayonez, qayla, murabbo mahsulotlari ham saqlanib, savdoga chiqarilmoqda. Muhimi, karatin vaqtida oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi kuzatilmayapti.
Shuningdek, “Sayqal tayyorlov” bojxona omborida 300 tonna salqin ichimliklar, 50 xil turdagi 5 tonna bo‘tqa va 4 tonna yorma mahsulotlari zaxirasi mavjud. Bu mahsulotlar nafaqat viloyatimiz savdo markazlari, balki qo‘shni Qashqadaryo, Jizzax, Surxondaryo va Xorazm viloyati bozorlariga ham yetkazib berilmoqda.
Tadbirkorlarimiz karantin vaqtida aholining birlamchi va zaruriy oziq-ovqat talabiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish orqali eksport-import jarayonlarining uzluksiz davom etishi hamda mamlakat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga ham munosib hissa qo‘shishmoqda.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.