Samarqandlik haydovchilar 3 oyda 10 milliard so‘m jarima to‘ladi
Samarqand viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Abdunabi Nosirov Past Darg‘om tumanida o‘tkazilgan “Yo‘l harakati xavfsizligi kuni” targ‘ibot tadbirida bu haqda ma’lumot berdi.
Boshqarma boshlig‘ining ta’kidlashicha, davlat yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari tomonidan o‘tkazilayotgan reyd-tadbirlari davomida viloyat hududida har kuni o‘rtacha 2 mingta qoidabuzarlik qayd etiladi. Ushbu qoidabuzarliklarning mingdan ortig‘i belgilangan harakat tezligining oshirilishi bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Shuningdek, har kuni 20 ta atrofida spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda transport vositasini boshqarish holati uchrayapti. Buning oqibatida yilning dastlabki uch oyida qoidabuzar haydovchilardan 10 milliardan so‘mdan ortiq jarima undirildi.
Uchrashuvda A.Nosirov Past Darg‘om tumani hududida sodir bo‘layotgan yo‘l-transport hodisalari haqida gapirib, 4R-46 yo‘lining Charxin va Arabxona qishloqlaridan o‘tgan qismida yil boshidan buyon 16 ta avtoavariya qayd etilganligini achinish bilan ta’kidladi. Mazkur yo‘l-transport hodisalari natijasida 1 kishi vafot etgan, 12 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan.
Bunday ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida 4R-46 yo‘lining tuman hududidan o‘tuvchi 6-46 kilometrlari oralig‘ida 6 ta fotoradar o‘rnatilib, hozirda belgilangan tezlikni oshirish bilan bog‘liq qoidabuzarliklar qayd etilmoqda.
Uchrashuvda sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari haydovchilar va keng jamoatchilik ishtirokida muhokama etildi.
Tadbir davomida boshqarma boshlig‘i aholini o‘ylantirayotgan savollarga batafsil javob berdi, ularning takliflarini eshitdi.
B.Mustanov.