Samarqandlik iste’molchi bir oyda 38 ming kVt soat elektr energiyasidan foydalangan
Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand filialining 2023 yildagi faoliyati va joriy yilga mo‘ljallangan rejalar yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Filial rahbari Umid Nazarovning qayd etishicha, bugungi kunda korxona tomonidan viloyatdagi 864 mingga yaqin aholi, 48 mingdan ortiq yuridik iste’molchiga 142 ta podstansiya, 12272 ta transformator punktlari, 29 ming 292 kilometr tarmoq orqali elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.
2023 yilda viloyat bo‘yicha 430 ta transformator hamda 25 ming 44 ta yangi temir beton ustun o‘rnatilib, 1 ming 298 kilometr elektr tarmog‘i tortildi. 13 ta podstansiya, 2941 kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 1174 ta transformator punkti mukammal ta’mirlandi.
Shuningdek, viloyat hududidagi podstansiyalarda 1 ta 40,0 MVA, 1 ta 25,0 MVA, 3 ta 16,0 MVA yangi kuch transformatorlari, 15 ta podstansiyada katta quvvatli kuch transformatorlar o‘rnatildi va buning natijasida 245 mingdan ortiq aholi iste’molchilarining elektr ta’minoti yaxshilandi.
Bundan tashqari, sanoat korxonalari va tadbirkorlik sub’yektlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Investitsiya dasturiga asosan 32 ta kichik sanoat zonasi va erkin iqtisodiy zonaning 23 tasida qurilish ishlari yakunlanib, 28 ta transformator punkti va 97,8 kilometr elektr tarmoqlari qurilib, foydalanishga topshirildi.
– 2023 yilda viloyat iste’molchilariga 2 trillion 496 milliard so‘mlik, ya’ni 5 milliard 125,3 million kVt soat (2022 yilga nisbatan 385 million kVt soat ko‘p) elektr energiyasi yetkazib berilib, 2 trillion 408 milliard so‘m mablag‘ undirildi, – deydi U.Nazarov. – Yetkazib berilgan elektr energiyasi hajmi va to‘lov miqdori ham avvalgi yilga nisbatan yuqori bo‘ldi. Lekin shu bilan birga tarmoqqa noqonuniy ulanishlar ham ko‘p aniqlanib, yetkazilgan zarar undirib olinishi ta’minlandi. Ya’ni, yil davomida 4807 holatda 56,4 milliard so‘m zarar yetkazilgan. Ushbu summaning 3,76 milliard so‘mi sud tartibida undirib olindi. Texnologik yo‘qotishlarni kamaytirish, yirik fotoelektr stansiyalar va quyosh panellari o‘rnatish hisobiga 419,5 million kVt soat (73 foiz), tarmoqlarni tartibga keltirish va modernizatsiyalash natijasida
98,6 million kVt/soat elektr energiyasi iqtisod qilindi. Nurobod tumanining Tutli massivida qurilgan 100 MVt.li fotoelektr stansiyasida 279,5 million kVt/soat hamda Toyloqdagi 7,2 MVt.li gidro elektr stansiyasida 33,4 million kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Shuningdek, 812 ta ijtimoiy soha ob’yektida 12,96 MVt, 3250 aholi xonadonida 6,0 MVt, 23 ta ko‘p qavatli uyda 0,31 MVt va 370 ta tadbirkorlik sub’yekti binolarida 15,47 MVt quvvatli fotoelektr stansiyalari o‘rnatilib, elektr energiyasi olinmoqda. O‘tgan yil yakunida esa Kattaqo‘rg‘on tumanida BAAning “MASDAR” kompaniyasi tomonidan qurilayotgan 100 MVt fotoelektr stansiyaning birinchi bosqichi ishga tushirildi.
Elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha hisob-kitoblarda inson omilining yo‘qolib borishi va tabaqalashtirilgan to‘lov tizimining joriy etilishi aholining iste’mol madaniyati oshishi hamda to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirilishiga katta turtki berdi. Tejamkorlik bilan, o‘z ehtiyoji va iqtisodiy imkoniyatiga qarab, elektr energiyasidan foydalangan iste’molchi barcha uchun teng bo‘lgan tarifda to‘lovni amalga oshirmoqda. Belgilangan me’yordan ortiq foydalangan iste’molchi esa bir necha barobar yuqori miqdorda to‘lov qilmoqda. Masalan, yaqinda elektron tizim bir iste’molchi oy davomida 38 ming kVt soat elektr energiyasidan foydalanganini ko‘rsatdi. Borib o‘rganib ko‘rdik, haqiqatan ham fuqaro uy-joyini isitish va boshqa maishiy texnik vositalari uchun shuncha miqdorda elektr energiyasidan foydalangan. Shu bilan birga to‘lovni ham amalga oshirgan – bir oyda elektr uchun 56 million so‘m to‘lagan.
Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, joriy yilda viloyatda 2 ta podstansiya va 217 dona transformator punkti o‘rnatilib, 560,3 kilometr elektr uzatish tarmoqlarini yangidan qurish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Jumladan, bu yil viloyatga Xitoydan 10 ta yuqori kuchlanishli transformator punkti keltiriladi. Bundan tashqari, 10 ta podstansiya, 1197 ta transformator, 3004 kilometr elektr tarmoqlarini mukammal ta’mirlash ko‘zda tutilgan.