Samarqandlik jurnalistlar ilmiy markaz va hadis maktabida bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning 11 yanvar kuni Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida Payariq tumanidagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi bilan tanishib, ushbu maskan bizga buyuk ajdodlarimizning kimligini anglatishi, ma’naviyat, ma’rifatni targ‘ib etishini ta’kidlagan va bu yerni har bir yurtdoshimiz ziyorat qilishi maqsadga muvofiqligini qayd etgan edi.

Ayni paytda mamlakatimizning turli hududlaridan yurtdoshlarimiz kelib, ilmiy markaz va hadis ilmi maktabida yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar, bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishmoqda.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limi, viloyat matbuot va axborot boshqarmasi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun mazkur ob’yektlar bo‘ylab media-tur tashkil etildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Shukrullo Umarov davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan markaz va hadis ilmi maktabining yaratilish tarixi, bu yerda ikki yil davomida amalga oshirilgan qurilish-bunyodkorlik ishlari, ilmiy xodimlar va tinglovchilarning buyuk ajdodimiz merosini o‘rganishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida gapirib berdi. Markazdagi muzey va tarixiy qo‘lyozmalar fondi ushbu maskanning tom ma’noda xalqaro ahamiyat kasb etishi, uning dunyo miqyosidagi nufuzi va salohiyati yuksakligini ko‘rsatib turishi qayd etildi.

– Prezidentimiz ushbu muzeyda bo‘lganlarida bu yerda ishlangan suratlar, Imom Buxoriy hazratlarining qo‘lyozma asarlari va ularning nusxalarini ko‘rib, bu maskan xalqimiz, ayniqsa, yoshlarning ulug‘ bobomiz haqidagi bilim va tushunchasini oshiradigan joy bo‘lganligini e’tirof etdi, – deydi Sh.Umarov. – Bu ma’naviy merosdan xalqimizni bahramand etish uchun sayohatlar tashkil etish kerakligini ta’kidlagan edi. Hozirda har kuni yurtimizning turli hududlaridan, xorijdan mehmonlar kelib, ushbu maskan bilan tanishmoqda. Bu yerda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini ko‘rib, haqiqatdan ham dunyoda tengi yo‘q xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va hadis ilmi maktabi yaratilganini aytishmoqda.

Ommaviy axborot vositalari vakillariga markaz qo‘lyozmalar fondida saqlanayotgan asarlarni o‘rganish va tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Markazning 14 nafar yuqori malakali xodimlardan iborat tarjimonlar guruhi yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning asarlari, qadimiy qo‘lyozmalarni tarjima qilish bilan shug‘ullanmoqda. Ayni paytda ular Imom Buxoriyning yana uchta asarini tarjima qilib, nashrga tayyorlaganligi ma’lum qilindi. E’tiborlisi, ushbu asarlar asosida turli yoshdagi kitobxonlarga mo‘ljallab odob-axloqqa oid kitoblar nashr etilmoqda.

Markaz yonida bunyod etilgan Hadis ilmi maktabida tinglovchilar uchun yaratilgan sharoit, bu yerdagi o‘quv jarayonlarning zamonaviy axborot texnologiyalariga asoslanganligi media-tur ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.