Samarqandlik tadbirkorlar belaruslik ishbilarmonlar bilan asosan uch yo‘nalishda hamkorlik qiladi
Toshkent shahrida O‘zbekiston va Belarus hududlarining ikkinchi forumi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etdi.
Forumda E.Turdimov viloyatimizda ikki davlat hududlari o‘rtasida sanoat, transport, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratilganligini ta’kidladi. Bu borada kecha Belarus Respublikasining Grodno viloyati gubernatori Vladimir Karanik bilan viloyatlar o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilinganini e’tirof etdi.
- Ta’kidlash o‘rinliki, mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko tashabbusi bilan bir qator yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi, - dedi E.Turdimov. - O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarining jadal o‘sib borayotgani buning yaqqol tasdig‘idir.
Samarqand viloyati yer osti boyliklari tabiiy resurslari - oltin, volfram, granit, marmar va boshqa foydali qazilmalarga boyligi, yangi texnologiyalarni joriy etish, yuqori mahsuldorlikka erishish, maksimal foyda olish uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilganligi bilan alohida ahamiyatga ega hudud. Shu munosabat bilan iqtisodiy hamkorlikning bir qator istiqbolli yo‘nalishlarini aytib o‘tmoqchiman.
Birinchidan, Samarqandda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va sut chorvachiligini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyatlar mavjud.
Ikkinchidan, viloyatda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish uchun katta imkoniyatga ega.
Uchinchidan, bugungi kunda eng ilg‘or yo‘nalishlardan biri bo‘lgan IT texnologiyalari sohasida ehtiyoj, shu bilan birga zarur imkoniyatlar bor. Masalan, viloyatimiz aholisining 60 foizini yoshlar tashkil etishini hisobga olsak, yiliga 15 mingdan ortiq IT mutaxassislarni tayyorlashi mumkin. IT korxonalari faoliyati uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida Samarqand shahri markazidan eng kam ijara to‘lovi bilan barcha sharoitlarga ega bino ajratilgan.
Bugun imzolangan hududlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» Samarqand va Grodno viloyatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishiga ishonaman.