Samarqandlik tadbirkorlarning 104 ta holatda onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanmaganligi bo‘yicha aholidan murojaat tushdi
Prezidentimizning 2019 yil 6 sentyabrdagi “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitob tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida 2020 yil 1 yanvardan savdo va xizmat ko‘rsatish sohasiga onlayn nazorat-kassa mashinalari bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda.
Aniqrog‘i, joriy yil 1 yanvardan alkogol va tamaki mahsulotlari, dori-darmon, benzin, dizel va gaz yoqilg‘isi savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlari onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanishga o‘tdi.
Afsuski o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirlariga qaramasdan, ayrim tadbirkorlar tomonidan onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik holatlari uchramoqda. Ayni shu holatlarni bartaraf etish, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida “Soliq hamkor” ilovasi joriy etilib, bu orqali iste’molchilardan murojaat va shikoyatlar qabul qilinmoqda.
Joriy yilning 1 sentyabridan 20 oktyabriga qadar 104 holatda onlayn nazorat-kassa mashinalaridan foydalanmaslik, xaridorlarga kassa cheki taqdim etmaslik bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi. Shundan 43 ta holatda tekshirish o‘tkazilib, jarima qo‘llanildi.
Xususan, Toyloq tumani Qo‘rg‘oncha mahallasi, Qozixona qishlog‘ida joylashgan “RUSTAM” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvi davomida jamiyat ishchisi xaridorga 65 ming so‘mga sotib olgan benzin uchun xarid cheki bermaganligi aniqlandi. Shuningdek, tekshirishda jamiyat kassasida 5 million 164 ming so‘m savdo puli NKM xotirasiga kiritilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Samarqand shahar Maxtumquli ko‘chasi, 2-uyda joylashgan “ZAFAR” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvi davomida jamiyat ishchisi xaridorga 80 ming so‘mga sotib olgan taom va ichimlik uchun chekni bermaganligi, jamiyat kassasida 385 ming so‘m savdo puli NKM xotirasiga kiritilmaganligi aniqlandi.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.