Samarqandda qancha tadbirkorlik sub’yekti onlayn NKMdan foydalanmoqda?
Samarqand viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 6 sentyabrdagi “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar hayotga tatbiq qilinmoqda.
Farmonga asosan viloyatda joriy yilda 10240 ta sub’yekt onlayn nazorat-kassa mashinasi yoki virtual kassalardan foydalanishga o‘tishi belgilangan. Ularning 1983 tasi alkogol, tamaki, dori-darmon mahsulotlari, benzin va gaz yoqilg‘isi savdosi bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, 688 tasi o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik aylanmasi 5 milliard so‘mdan oshgan, 7569 tasi o‘tgan yil yakunlari bo‘yicha yillik aylanmasi 100 million so‘mdan oshgan yoki ushbu chegaraviy miqdorga yetgan sub’yektlardir. Shu bugungi kungacha 4170 tadbirkorlik sub’yekti onlayn nazorat-kassa mashinasi yoxud virtual kassalardan foydalanayotganini ta’kidlash lozim. Xo‘sh, onlayn nazorat-kassa mashinasi qanday afzalliklarga ega?
– Onlayn NKMdan foydalanilganda kassa daftari ishlatilmaydi, – deydi Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi xodimi Musurmon Mamadiyorov. – To‘lov terminali va NKM integratsiyalashganini qayd etish joiz. Shuningdek, buxgalteriya hisobotlarini bajaradi, kunlik “Z” hisobotlarini kun yakuni bilan o‘zi shakllantiradi. Bundan tashqari, sotuvda mavjud har bir mahsulotlarning kunlik sotilgan hajmi kun yakuni bilan jamlanadi. Onlayn NKM xarid qilgan tadbirkorlik sub’yektlariga ularga hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i yoki yagona soliq to‘lovi yoxud qat’iy belgilangan soliq summasini onlayn NKMni 2021 yil 1 yanvarga qadar davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga qo‘yish sharti bilan, uning har birini xarid qilish, o‘rnatish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlar summasiga, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmagan miqdorda kamaytirish huquqi beriladi.
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.